Yangiliklar

Qoraqalpog‘istonda 2,3 mlrd so‘mlik gaz ballonlari talon-toroj qilindi

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
Qoraqalpog‘istonda 2,3 mlrd so‘mlik gaz ballonlari talon-toroj qilindi
Foto: Departament

Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir va Chimboy tumanlarida umumiy qiymati 2,3 mlrd so‘m bo‘lgan 2 473 dona suyultirilgan gaz balloni talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Departamentning Taxtako‘pir tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda «Taxtako‘pirtumangaz» gaz ta’minoti bo‘limining moddiy javobgar shaxslari qiymati 1 mlrd so‘mlik 1 067 dona suyultirilgan gaz ballonini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Chimboyda ham

Chimboy tumanida o‘tkazilgan tekshiruv davomida esa «Chimboytumangaz» gaz ta’minoti bo‘limining moddiy javobgar shaxslari 1,3 mlrd so‘mlik 1 406 dona suyultirilgan gaz ballonini o‘zlashtirgani qayd etilgan.

Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Andijon va Qashqadaryoda $11,5 minglik pora aniqlangani haqida yozgan edi.