Yangiliklar

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi, Ronalduning to‘yiga keladigan mehmonlar — 4-avgust kuni e’lon qilingan yangiliklar

Kursiv Uzbekistan dayjesti
Belgiya Toshkentda elchixona ochadi
Foto: IQAir

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi, Ronalduning to‘yiga keladigan mehmonlar — 4-avgust kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Yakkasaroyda beshta bino ruxsatsiz qurilgani aniqlandi

Yakkasaroyda beshta bino ruxsatsiz qurilgani aniqlandi
Foto: Shahar hokimligi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida turar joyni o‘zboshimchalik bilan buzish va qurilish ruxsatisiz beshta bino barpo etish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Joriy yilning 2-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Damariq mahallasi, Abdulla Qahhor ko‘chasidagi 19-uyda yashovchi fuqarolarga kompensatsiya pullari to‘liq berilmagani va uy noqonuniy buzilayotgani aks etgan videolavha tarqalgan edi.

Voyaga yetmagan shaxsga avtomobil haydash uchun ruxsat berganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin

Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida odam jarohatlansa yoki halok bo‘lsa, avtomobilni bergan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish taklif qilinmoqda. Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Hujjat yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati qatnashchilarining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va «Yo‘l harakati to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Javohir Sindarov Osiyoning barcha kuchli shaxmatchilarini ortda qoldirdi

Javohir Sindarov FIDE reytingida 4-o‘rinni egalladi
Foto: Instagram/ Sindarov

Xalqaro shaxmat federatsiyasi 2026-yil avgust oyi uchun dunyoning eng kuchli shaxmatchilari reytingini e’lon qildi. O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 2 777 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

U ayni paytda O‘zbekiston va Osiyoning faol shaxmatchilari orasida eng yuqori o‘rinni egallab turibdi. Jahon reytingida norvegiyalik Magnus Karlsen 2823 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni 2792 ochkodan jamg‘argan amerikalik Fabiano Karuana hamda Hikaru Nakamura egalladi. Sindarov ulardan 15 ochko ortda qolmoqda. Beshinchi pog‘onadagi germaniyalik Vinsent Keymerning hisobida 2767 ochko bor, bu Sindarovnikidan o‘n ochko kam.

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi 5-avgustda orbitaga uchiriladi

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi 5-avgustda orbitaga uchiriladi
Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

Samarkand-2028 giperspektral sun’iy yo‘ldoshi 5-avgust kuni orbitaga chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Raqamli texnologiyalar vazirligiga ko‘ra, qurilma Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan uchiriladi.

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi STAR.VISION kompaniyasi tomonidan orbitaga olib chiqiladi. U bilan birga Lampung-1 giperspektral sun’iy yo‘ldoshi ham uchiriladi.

Messi, Mbappe, Rihanna: Ronalduning to‘yida kimlar qatnashadi

Messi, Mbappe, Rihanna: Ronalduning to‘yida kimlar qatnashadi
Rasm: SI / Kursiv Uzbekistan

Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning kutilayotgan to‘yi atrofida yangi xabarlar tarqaldi. OAVda marosim mehmonlari ro‘yxatida Lionel Messi, Kilian Mbappe, Vinisius Junior, Rihanna va Jennifer Lopes kabi mashhurlar borligi aytilmoqda.

GiveMeSport ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Ronaldu va Jorjina to‘yiga oid ekani aytilgan taklifnoma surati internetda tarqalgan.

Toshkentda 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi

Aniqlangan kamchiliklar ortidan 19 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtdagi 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha farmoyish imzoladi. Tekshiruv Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 22-iyuldagi taqdimnomasida keltirilgan holatlarni o‘rganish maqsadida tayinlangan.

Farmoyishga ko‘ra, xizmat tekshiruvi Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod va Yashnobod tumanlari hokimlariga nisbatan o‘tkaziladi.

Deputatlar notariatdagi muammolar bo‘yicha Adliya vaziriga so‘rov yubordi

Deputatlar notariat xizmatlari sifati yuzasidan Adliya vaziriga parlament so‘rovi yubordi
Foto: Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasi deputatlari aholiga notariat xizmatlarini sifatli va shaffof ko‘rsatish, shuningdek sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi yuzasidan Adliya vaziri Aziz Toshqulovga parlament so‘rovini yubordi. Bu haqda palataning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

So‘nggi yillarda notariat tizimini modernizatsiya qilish maqsadida «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi, E-notarius.uz portali, Face-ID va Mobile-ID texnologiyalari joriy etildi. Shuningdek, ayrim notarial harakatlarni videokonferensaloqa orqali masofadan turib rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi.

Dollar tushdi: 5-avgust uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

Dollar tushdi: 5-avgust uchun valyutalar kursi e’lon qilindi
Foto: Depositphotos

4-avgust uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 47,25 so‘mga tushib, 11 942,21 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi.

Yevro kursida ham tushish kuzatildi. Yevropa valyutasi 72,135 so‘mga tushib, 13 743,10 so‘m bo‘ldi. Rossiya rubli pasaydi. Rubl kursi 2,06 so‘mga tushib, 147,42 so‘mni tashkil qildi.

Toshkentda ikki Yutong avtobusi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Toshkentda ikki Yutong avtobusi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlardan olindi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 17 va 85-sonli yo‘nalishlarda harakatlangan ikki Yutong avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ rasmiy izoh berdi. Oqibatda bir nafar yo‘lovchi tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qildi.

Unga ko‘ra, 2-avgust kuni soat 08:10 atrofida 17-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan Yutong gaz avtobusi Yunusobod tumanidagi Amir Temur shoh ko‘chasida harakatlanayotib, haydovchining ehtiyotsizligi sabab «Yulduz» bekatida to‘xtab turgan 85-sonli yo‘nalishdagi Yutong elektrobusining orqa qismiga urilgan.