Yangiliklar

Tramp: besh oylik urush yuzasidan muzokara ketmoqda

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili AQSH bilan muzokaralar olib borilmayotganini va hech qanday uchrashuv belgilanmaganini ta’kidlagan
Tramp: besh oylik urush yuzasidan muzokara ketmoqda
Foto: Pexels

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar boshlanganini ma’lum qilib, Tehron uchun yaxshi kelishuv imzolashning «so‘nggi imkoniyati» ekanini aytdi. Eron tomoni esa AQSH bilan hech qanday muzokara o‘tkazilmayotgani va yaqin kunlarga uchrashuv rejalashtirilmaganini bildirdi.

Tramp Oq uyda jurnalistlarga muzokaralar hozirning o‘zida davom etayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqot Eron, Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar kabi davlatlarning iltimosiga binoan boshlangan. AQSH prezidenti Tehronni besh oydan beri davom etayotgan urushni tugatishga qaratilgan maqbul hujjatni imzolashga chaqirdi.

Eron tomoni nima deydi

Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy AQSH bilan muzokaralar olib borilmayotganini va hech qanday uchrashuv belgilanmaganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Eron muzokarachilarining barchasi mamlakatda, tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Iroqda diniy ziyoratda. Hozirda faqat Ummon bilan Hormuz bo‘g‘ozini boshqarish masalalari muhokama qilinmoqda.

Reuters bilan suhbatlashgan yuqori martabali eronlik manba ham muzokaralar rejalashtirilmaganini, Aroqchi kamida hafta oxirigacha uchrashuvlarda qatnasha olmasligini bildirgan. Tomonlarning bir-biriga zid bayonotlari mojaroni yaqin vaqt ichida diplomatik yo‘l bilan hal qilish imkoniyati pastligini ko‘rsatmoqda.

Ko‘rfaz davlatlari rasmiylari va tahlilchilarga ko‘ra, Eron mintaqadagi savdo yo‘llari, dengiz qatnovi va energetika infratuzilmasiga bosim o‘tkazib, qarama-qarshilikning iqtisodiy narxini oshirishga urinmoqda. Tehron shu orqali AQSH va uning ittifoqchilarini Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha Eron talablarini qabul qilish mojaroni davom ettirishdan arzonroq ekaniga ishontirmoqchi.

Avvalroq «Kursiv» AQSh ayrim davlat fuqarolaridan viza uchun $20 ming garov talab qilishi haqida yozgan edi.