
Venesuelada iyun oyida yuz bergan ikkita kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 6,1 ming nafarga yetdi. Bu haqda mamlakat Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges ma’lum qildi.
24-iyun kuni mamlakat shimolida 7,2 va 7,5 magnitudali zilzilalar ketma-ket sodir bo‘lgan. Eng katta talafot sohilbo‘yi La-Guayra shtati va poytaxt Karakasda qayd etildi. O‘n minglab odamlar hamon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda, ko‘plab oilalar esa xavfsiz deb topilmagan uylarini tark etib, vaqtinchalik boshpanalarda yashamoqda.
Raqamlar nima deydi

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zilzilalardan keyin qariyb 61 ming kishiga shifoxonalarda tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirgacha vayronalar umumiy hajmining atigi 16,5 foizi olib chiqilgan. BMT Taraqqiyot dasturi tabiiy ofatdan keyin hosil bo‘lgan qurilish chiqindilari va vayronalar hajmini 2,1 mln tonnaga baholamoqda.
Qutqaruv va tozalash ishlari davom etayotgan bo‘lsa-da, vayronalar orasidagi chang, xavfsiz ichimlik suvi tanqisligi va sanitariya tizimlarining ishdan chiqishi yangi sog‘liqni saqlash muammolarini yuzaga keltirmoqda. Mutaxassislar vaqtinchalik boshpanalardagi gavjumlik, tibbiy xizmatlarning cheklanishi hamda ifloslangan suv yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfini oshirayotganidan ogohlantirgan.
Mamlakat hukumati tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish sur’ati sustligi uchun tanqid qilinmoqda. Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges hukumatning choralarini himoya qilib, qidiruv-qutqaruv va tiklash ishlari davom ettirilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Venesuelada xantavirusdan uch kishi vafot etgani haqida yozgan edi.