
O‘zbekistonda voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida odam jarohatlansa yoki halok bo‘lsa, avtomobilni bergan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish taklif qilinmoqda. Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjat yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati qatnashchilarining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va «Yo‘l harakati to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Voyaga yetmaganga avtomobil berganlar javobgar bo‘ladi
Taklifga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarish topshirilishi natijasida fuqaroning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilsa, odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuz bersa, avtomobilni bergan shaxsga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini topshirishning o‘zi, noqonuniy avtomobil va mototsikl poygalarini tashkil etish yoki ularda qatnashish, yuk transportini tungi vaqtda boshqa harakat ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan tarzda yo‘l chetida qoldirish hamda avtomobilni hisobdan chiqarish tartibini buzish uchun alohida ma’muriy javobgarlik joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Belgilangan tezlikni soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirgan haydovchilar uchun ham kuchaytirilgan jazo belgilash taklif qilinmoqda. Ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar takroran sodir etilganda jarimani chegirma bilan to‘lash imkoniyati ma’lum muddat davomida qo‘llanilmasligi mumkin.
Avtomobil bir yilgacha vaqtincha olib qo‘yilishi mumkin
Qonun loyihasida ma’muriy jazoning yangi turi — avtomototransport vositasini olti oydan bir yilgacha vaqtincha olib qo‘yish chorasi ham nazarda tutilgan.
Ushbu jazo yo‘l bezoriligi, noqonuniy poyga tashkil etish, mast holatda avtomobil boshqarish yoki mastlikni aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortish kabi qilmishlar haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan yoxud bu huquqdan mahrum qilingan shaxs tomonidan sodir etilganda qo‘llanilishi mumkin.
Transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni qonunda belgilangan holatlarda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman yoki shahar sudi chiqaradi. Mast holda transport boshqarish va tegishli tekshiruvdan bo‘yin tovlash uchun amaldagi jazolarni takomillashtirish ham rejalashtirilgan.
Deputatlar qonun loyihasining asosiy maqsadi jazolarni shunchaki kuchaytirish emas, balki xavfli huquqbuzarliklarning oldini olish, haydovchilar mas’uliyatini oshirish va yo‘llarda inson hayoti ustuvorligini ta’minlash ekanini ta’kidladi. Hujjat keyingi o‘qishlarda yana muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri jarima ballarini o‘chirib berishni va’da qilgan firibgarlar aniqlangani haqida yozgan edi.