
AQSh ma’muriyati Braziliyaning Vashingtondagi elchisi Mariya Luiza Ribeyru Viottining vizasini bekor qildi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Qaror Braziliyaning AQSh elchisi lavozimiga ko‘rsatilgan Denni Perez nomzodiga rasmiy rozilik berishni cho‘zayotgani hamda ikki amerikalik diplomatga viza bermagani ortidan qabul qilindi.
AQSh Davlat departamenti vakilining ta’kidlashicha, viza bekor qilinishi Viottining mamlakatdan chiqarib yuborilishini anglatmaydi. Diplomat hozircha AQShda qolishi mumkin, uning vizasi esa tomonlar o‘rtasidagi diplomatik muvozanat tiklanganidan keyin qayta berilishi ehtimoli bor. Vashington buning uchun Braziliya AQSh elchisi nomzodini ma’qullashi kerakligini bildirgan.
Rasmiy Braziliya qanday fikrda
Braziliya hukumati AQSh qarorini rad etib, uni mafkuraviy sabablarga asoslangan dushmanona choralar kuchayishi deb baholadi. Prezident Luiz Inasiu Lula da Silva ma’muriyati Vashingtonni mamlakatda oktabr oyida o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlariga aralashishga urinishda ayblamoqda.
Braziliya avvalroq AQSh Davlat departamentining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari byurosiga aloqador ikki vakilga viza bermagan edi. Braziliya tomoni ularning tashrifi mamlakat saylov tizimiga ta’sir ko‘rsatishga qaratilganini bildirgan. AQSh esa diplomatlar saylovlarning halolligi, diniy erkinlik va so‘z erkinligi masalalarini muhokama qilishni rejalashtirganini ma’lum qilgan.
Mazkur mojaro Donald Tramp va Lula da Silva ma’muriyatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yanada keskinlashganini ko‘rsatmoqda. AQSh tomoni Braziliya bilan odatiy va samarali diplomatik aloqalarni tiklashdan manfaatdorligini bildirgan bo‘lsa-da, tomonlar elchilar hamda diplomatlarga viza berish masalasida hozircha kelishuvga erishmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp AQSh eksporti $200 mlrddan oshganini aytgani haqida yozgan edi.