Avto

Chevrolet brendiga ishonch kamaymoqda — tafsilotlar

Chevrolet brendiga ishonch kamaymoqda — tafsilotlar
Foto: GMAutority

Chevrolet 2026-yilning birinchi yarmida ommaviy avtomobil brendlari orasida xaridorlar eng ko‘p e’tibor qaratgan ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib qoldi. Biroq brendga qiziqish 2025-yilning ikkinchi yarmidagi 29 foizdan 27 foizgacha kamaydi. Bu haqda Kelley Blue Book kompaniyasining Brand Watch tadqiqotida ma’lum qilindi.

Sabablar

Tadqiqotga ko‘ra, Chevrolet premium segmentga kirmaydigan avtomobil brendlari orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Undan yuqori pog‘onalarda Toyota va Ford joylashgan. GMC brendining ko‘rsatkichi ham ikki foiz punktga pasaygan. Subaru va Kia esa ushbu davrda xaridorlar qiziqishi oshgan yagona ommaviy brendlar bo‘ldi.

Foto: Chevrolet

Chevrolet ko‘rsatkichining pasayishiga, asosan, pikaplar va to‘liq o‘lchamli yo‘ltanlamaslarga talab susaygani sabab bo‘lgan. Corvette, Colorado, Tahoe, Silverado 2500 HD va Silverado 3500 HD modellarida eng katta pasayish qayd etildi. Tahoe xaridorlar eng ko‘p ko‘rib chiqadigan beshta ommaviy yo‘ltanlamas qatoridan ham chiqib ketdi. Uning o‘rnini Toyota 4Runner va Honda Pilot egalladi.

Shu bilan birga, Silverado 1500 modeli ijobiy natija ko‘rsatdi. U Ford F-150’dan keyin xaridorlar eng ko‘p qiziqqan ikkinchi pikap bo‘ldi. Shuningdek, Silverado 1500 barcha ommaviy avtomobillar orasida ham ikkinchi o‘rinni egalladi. Modelga qiziqish 2025-yilning ikkinchi yarmiga nisbatan 5 foizga oshgan.

Tahlil nimalarni ko‘rsatadi

Foto: Chevrolet

Tadqiqot avtomobil bozoridagi umumiy tendensiyalarni ham ko‘rsatdi. Yo‘ltanlamaslarni xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan mijozlar ulushi rekord darajadagi 71 foizga yetdi. Pikaplarga qiziqish bir foiz punktga kamayib, 33 foizni, yengil avtomobillarga qiziqish esa tarixiy eng past — 25 foizni tashkil etdi. Minivenlarning ulushi 5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldi.

Kelley Blue Book bahosiga ko‘ra, General Motors 2026-yilning ikkinchi yarmida yangi avlod 2027 Chevy Silverado 1500 va GMC Sierra 1500 modellarini taqdim etishi hisobiga Chevrolet hamda GMC ko‘rsatkichlarini yaxshilashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri UzAuto Motors Cobalt va Damas uchun chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.