
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jaloliddin Masharipovning 2026-yilgi jahon chempionatidagi ishtiroki bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi. Italiyalik mutaxassis futbolchini turnirga tayyorlash uchun barcha imkoniyatlar ishga solingani, biroq belidagi jarohat uning maydonga tushishiga to‘sqinlik qilganini aytdi.
Masharipovni tayyorlash uchun mutaxassislar jalb qilingan
Kannavaro bu haqda 5-avgust kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, murabbiylar shtabi Masharipovning terma jamoa oldidagi xizmatlarini inobatga olib, uni jahon chempionatiga olib borish uchun katta sa’y-harakat qilgan.
«Men dunyodagi yagona ahmoq murabbiy bo‘lsam kerak, uning jahon chempionatidan oldingi holati va xizmatlarini inobatga olib, turnirga olib ketdik. Men u bilan Dubay va Rimda ko‘rishdim. Uni tayyor holatga keltirish uchun ko‘plab mutaxassislar bilan maslahatlashdik», — dedi Kannavaro.
Asosiy muammo tizzada emas, bel churrasida bo‘lgan
Bosh murabbiy Masharipovning asosiy muammosi tizzasi bilan emas, Kanada terma jamoasiga qarshi uchrashuvdan keyin yuzaga kelgan bel churrasi bilan bog‘liq bo‘lganini ta’kidladi. Toshkentdagi o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng futbolchining tizzalari va ikki oyog‘i holatida sezilarli farq aniqlangan. Shundan keyin u tibbiy tekshiruvdan o‘tish uchun Dubayga yuborilgan.
Kannavaroning qayd etishicha, Masharipov jahon chempionatiga qadar sakkiz-to‘qqiz oy davomida nafaqat rasmiy, balki o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham maydonga tushmagan. Murabbiy futbolchining o‘yinlarini terma jamoaga kelguniga qadar asosan televizor orqali kuzatganini bildirdi.
«Masharipov hatto yurishga qiynalayotgandi. Uni jahon chempionatiga olib borish uchun barcha mutaxassislarni jalb etdik. Balki qo‘limdan kelgan barcha ishni qilganim mening katta xatoyim bo‘lgandir. U jahon chempionatida qatnashishga loyiq edi — ajoyib inson va ajoyib futbolchi», — dedi italiyalik mutaxassis.
Terma jamoada boshqa jarohatlangan futbolchilar ham bo‘lgan
Kannavaro terma jamoada Aziz G‘aniyev, Hojiakbar Alijonov, Odil Hamrobekov, Behruz Karimov va Husniddin Aliqulov kabi jarohatlangan boshqa futbolchilar ham bo‘lganini eslatdi. Uning aytishicha, murabbiylar shtabi yakuniy qarorni barcha futbolchilarning jismoniy holatini hisobga olgan holda qabul qilgan.
Bosh murabbiy Masharipov bilan bog‘liq qaror ortidan bildirilgan tanqidlar sababini to‘liq tushunmayotganini ham aytdi. Uning fikricha, noroziliklarning ko‘payishiga o‘zi xorijlik mutaxassis ekani yoki futbolchiga yaqin insonlarning uni himoya qilgani ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, Kannavaro O‘zbekistonda ishlayotganidan mamnunligini va o‘zbek xalqining mehmondo‘stligini yuqori baholashini ta’kidladi.
Avvalroq «Kursiv» Kannavaroning O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzgan shartnomasi 2027-yil oktabr oyiga qadar amal qilishi haqida yozgan edi.