Banklar va moliya

Islom banki yanada yaqin: O‘zbekistonda murabaha va mudaraba standartlari ishlab chiqilmoqda

Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi
Islom banki yanada yaqin: O‘zbekistonda murabaha va mudaraba standartlari ishlab chiqilmoqda
Foto: Oliver26/Depositphotos

Markaziy bank huzuridagi Islom moliyasi kengashi murabaha va mudaraba bo‘yicha milliy standartlarni ishlab chiqmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Kursiv Uzbekistan nashriga yo‘llangan rasmiy xatida ma’lum qildi.

«Ularni tayyorlash yakunlangach, standartlar loyihalari manfaatdor tomonlar, bank hamjamiyati, ekspertlar va bozorning boshqa ishtirokchilari ishtirokida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi», — deyiladi rasmiy xatda.

Regulyator islomiy moliya standartlari bosqichma-bosqich ishlab chiqilishi va takomillashtirilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Markaziy bank islomiy bank faoliyati xususiyatlarini inobatga olgan holda 15 ta me’yoriy hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi.

Mazkur o‘zgartirishlar islomiy bank xizmatlarini litsenziyalash, banklarni boshqarish, moliyaviy barqarorlik, tavakkalchiliklarni jilovlash hamda banklar amal qilishi lozim bo‘lgan boshqa talablarni qamrab oladi.

Islomiy moliyalashtirish xizmatlari faqat litsenziya asosida ko‘rsatiladi

Markaziy bank ta’kidlashicha, tijorat banklari islomiy moliyalashtirish xizmatlarini faqat tegishli litsenziya olgandan keyin va regulyator tomonidan belgilangan qoidalar hamda standartlar asosida ko‘rsatishi mumkin.

Biroq mikromoliya tashkilotlari 2024-yildan buyon maxsus nizom asosida islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega. Hozirda ular murabaha, islomiy ijara, salam, mudaraba va musharaka kabi besh turdagi islomiy moliyaviy xizmatlarni taklif qilmoqda.

Kengash xalqaro standartlar asosida shakllantirilgan

Islom moliyasi kengashi to‘g‘risidagi nizom Malayziya ekspertlari bilan hamkorlikda, AAOIFI xalqaro standartlari asosida ishlab chiqilgan.

Nizomga ko‘ra, kengash a’zolari islom moliyasi va shariat huquqi bo‘yicha bilimga ega, benuqson ishbilarmonlik obro‘siga ega, mustaqil bo‘lishi hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi lozim.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tavsiya etgan nomzodlar ushbu talablarga muvofiqligi bo‘yicha tekshirilib, mezonlarga javob berganlari Markaziy bank boshqaruvi qarori bilan kengash tarkibiga kiritilgan.

Shuningdek, nizom kengash a’zolarining qaror qabul qilishdagi mustaqilligini kafolatlaydi. Ular islomiy bank mahsulotlari va operatsiyalarining islomiy moliya talablari hamda standartlariga muvofiqligini baholab boradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan MB islom moliyasi bo‘yicha 7 ta standart joriy etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.