
Markaziy bank mijozlarni identifikatsiya qilishda foydalaniladigan biometrik ma’lumotlarni saqlash tartibini yangiladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Endilikda ayrim moliyaviy tashkilotlar ushbu ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududida saqlashi lozim.
Yangi talab kuchga kirdi
Markaziy bankning tegishli qarori 1-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi. Yangi tartib to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar, faktoring elektron platformalari hamda kredit byurolariga tatbiq etiladi.
Qaysi ma’lumotlar chet elda saqlanishi mumkin
Yangi talablarga ko‘ra, jismoniy shaxslarning identifikatsiya va autentifikatsiya jarayonida foydalaniladigan biometrik ma’lumotlari faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlanishi kerak. Biroq biometrik bo‘lmagan boshqa shaxsga doir ma’lumotlarni amaldagi qonunchilik talablariga rioya etgan holda mamlakat tashqarisida saqlash va qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Maqsad — ma’lumotlar xavfsizligini kuchaytirish
Markaziy bankning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar moliya bozorida biometrik ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha yagona huquqiy yondashuvni shakllantirish, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini ishonchli himoya qilish hamda axborot va kiberxavfsizlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank CBU-GPT sun’iy intellekt yordamchisini ishga tushirgani haqida yozgandi.