Yangiliklar

Migratsiya agentligida 1 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘i o‘marildi

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Foto: depositphotos

Migratsiya agentligi mansabdor shaxslari amalda ishlamagan xodimlarga ish haqi to‘lash va intizomiy jazoga qaramay mukofot puli ajratish orqali 1 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Ishlamagan xodimlarga 931 mln so‘mdan ortiq ish haqi to‘langan

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Migratsiya agentligining mas’ul shaxslari agentlik xodimlari amalda ishlamagan davr uchun ularga 931,6 mln so‘m ish haqi to‘lagani aniqlandi.

Intizomiy jazoga qaramay mukofot puli berilgan

Shuningdek, Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda intizomiy jazo amal qilayotgan davrda 8 nafar xodimga 88,5 mln so‘m to‘lab berilib, budjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Mazkur modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxslar BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha jarima, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan soxta hujjat orqali amalga oshirilgan firibgarlik holati fosh etilgani haqida yozgandi.