Yangiliklar

«Obodlik oyligi» davomida qariyb 350 ta ekologik huquqbuzarlik aniqlandi

Daraxtlar bilan bog‘liq 62 ta holat qayd etildi
O‘zbekiston hududi bir oyda 422 ming tonnadan ortiq chiqindidan tozalandi
Foto: Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi

O‘zbekistonda «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» boshlanganidan buyon daraxtlarni noqonuniy kesish, ularga shikast yetkazish va chiqindilar bilan muomala qilish qoidalarini buzish bo‘yicha qariyb 350 ta holat aniqlandi. Ekologiya qo‘mitasiga ko‘ra, huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Daraxtlar bilan bog‘liq 62 ta holat qayd etildi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlash bilan bog‘liq 62 ta holat aniqlangan.

Ushbu holatlar bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi asosida jarimalar qo‘llanilgan. Shuningdek, atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqilgan.

Faqat 3-avgust kuni daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlash bilan bog‘liq beshta holat qayd etildi. Ushbu huquqbuzarliklar Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida aniqlangan.

Chiqindilar bo‘yicha 285 ta qoidabuzarlik bo‘lgan

Hisobot davri boshidan buyon chiqindilar bilan muomala qilish qoidalarini buzish bo‘yicha 285 ta holat aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi asosida jarimalar qo‘llanilgan.

Nazorat tadbirlari davom etmoqda

3-avgust kuni chiqindilar bilan bog‘liq yana 17 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida qayd etilgan.

Ekologiya qo‘mitasi daraxtlarni noqonuniy kesish, ularga shikast yetkazish va chiqindilar bilan muomala qilish qoidalarini buzish atrof-muhitga zarar yetkazishini eslatdi. Nazorat tadbirlari respublikaning barcha hududlarida davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xavfli chiqindilar bo‘yicha yillik rejalar ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi. 2027-yil 1-yanvardan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ekologik ekspertiza xulosasiga muvofiq yillik rejalar ishlab chiqadi.