Yangiliklar

O‘zbekistonda aholi va turistlar ko‘payib go‘shtga talab oshdi

2028-yilgacha chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni sezilarli ko‘paytirish rejalashtirilmoqda
Tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda subsidiyalar ajratiladi
Foto: Getty Images

Aholi soni va turizm oqimining o‘sishi fonida mamlakatda go‘shtga bo‘lgan talab ishlab chiqarish hajmidan 550 ming tonnaga oshib ketdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimotida tanishdi.

Muammoni bartaraf etish maqsadida 2028-yilgacha chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni sezilarli ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.

Go‘shtga talab ishlab chiqarishdan oshib ketdi

Taqdimotda qayd etilishicha, aholi soni va turizm oqimining ortishi oziq-ovqat mahsulotlariga, xususan go‘shtga bo‘lgan talabni keskin oshirgan. Hozirda mamlakatda go‘shtga yillik talab 2 mln 150 ming tonnani tashkil etayotgan bo‘lsa, ishlab chiqarish hajmi 1 mln 600 ming tonnani tashkil etmoqda.

Ishlab chiqarish hajmi oshiriladi

Mavjud tafovutni qisqartirish maqsadida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan kompleks dastur ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, faoliyati to‘xtagan 103 ta chorvachilik korxonasi qayta tiklanadi, chorvachilikka ixtisoslashgan hududlar qo‘llab-quvvatlanadi. Aholi xonadonlarida 11 mingta yengil konstruksiyali molxona quriladi hamda qiymati 3 trln so‘mlik 802 ta yangi loyiha amalga oshiriladi. Natijada qo‘shimcha 190 ming tonna go‘sht va 160 ming tonna sut ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Naslli chorva import qilinadi va raqamli xizmatlar joriy etiladi

Rejalarga muvofiq, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Yevropa davlatlari va Belarusdan naslli qo‘y hamda qoramollar olib kelinadi. Shuningdek, fermerlar uchun «Smart Fermer» raqamli yordamchisi ishga tushiriladi. Chorvachilikni rivojlantirishga $463 mln, parrandachilik loyihalariga esa $432 mln yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari mutasaddilarga loyihalarning iqtisodiy samaradorligini chuqur tahlil qilish, mablag‘larni manzilli yo‘naltirish, raqamli monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ichki bozorni sifatli va hamyonbop go‘sht-sut mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yil yakuniga qadar xorijdan 100 ming bosh qoramol olib kelinishi haqida yozgandi.