Yangiliklar

Soxta hujjat va 25 mlrd so‘mlik kredit: firibgarlik fosh etildi

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
Soxta hujjat va 25 mlrd so‘mlik kredit fosh etildi
Foto: CHE

Surxondaryo viloyatida soxta hujjatlardan foydalanib, 25 mlrd so‘mlik kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Holat qanday aniqlandi

Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida MChJ ta’sischisi va boshqa fuqarolar avval kredit shartnomasi asosida garovga qo‘yilgan bino-inshootlarni soxta hujjatlar yordamida takroran garov sifatida rasmiylashtirgani aniqlangan.

Ular ushbu hujjatlar orqali Andijon viloyatidagi tijorat banklaridan biridan 25 mlrd so‘m kredit ajratilishiga erishib, mablag‘larni talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chirchiq daryosi o‘zanidan tegishli ruxsatnomasiz qum-shag‘al qazib olish oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,9 trln so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangani haqida yozgan edi.

Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida MChJlardan birining mas’ul shaxslari Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi o‘zanidan maxsus texnikalar yordamida noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olgani aniqlangan.