Yangiliklar

SpaceX kompaniyasining tushumi 92 foizga oshdi

SpaceX’ning sof zarari $1 mlrddan $541 mlngacha, ya’ni qariyb 46 foizga qisqardi
Foto: SpaceX/ X

Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasining 2026-yil ikkinchi choragidagi tushumi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 92 foizga oshib, $7,8 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Oninvest xabar berdi.

Natija tahlilchilar kutgan qariyb $6,9 mlrdlik ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ldi. Shunga qaramay, hisobot e’lon qilinganidan keyin kompaniya aksiyalari kengaytirilgan savdolarda 7 foizga arzonlashdi.

SpaceX’ning sof zarari $1 mlrddan $541 mlngacha, ya’ni qariyb 46 foizga qisqardi. Har bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan zarar $0,09 ni tashkil etdi, tahlilchilar esa $0,26 miqdoridagi zararni kutgan edi. Kompaniyaning tuzatilgan EBITDA ko‘rsatkichi bir yil ichida $1,2 mlrddan $3,5 mlrdgacha oshdi.

Bu SpaceX aksiyalari iyun oyida birjaga chiqarilganidan keyingi ilk choraklik moliyaviy hisobot bo‘ldi. Kompaniya qimmatli qog‘ozlari 12-iyundan Nasdaq birjasida SPCX belgisi ostida sotila boshlagan, IPO narxi esa har bir aksiya uchun $135 etib belgilangan edi.

Starlink SpaceX’ning asosiy daromad manbai bo‘ldi

Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti kiradigan aloqa segmentining tushumi ikkinchi chorakda 66 foizga oshib, $4,29 mlrdga yetdi. Segment SpaceX umumiy tushumining yarmidan ko‘pini ta’minladi va operatsion foyda ko‘rsatgan yagona asosiy yo‘nalish bo‘lib qoldi. Uning operatsion foydasi 79 foizga oshib, $1,66 mlrdni tashkil etdi.

Starlink abonentlari soni iyun oxirida 12 mln kishiga yetdi. Bu 2025-yilning shu davridagi 6 mln abonentga nisbatan ikki baravar ko‘p. Bir foydalanuvchidan olinadigan o‘rtacha oylik daromad esa $66 darajasida saqlanib qoldi. Iste’molchilar segmentidan tushum $2,49 mlrdni, korporativ va davlat mijozlaridan tushum esa $1,81 mlrdni tashkil etdi.

Kompaniya Starlink o‘sishini yangi foydalanuvchilar, aviakompaniyalar bilan tuzilgan bitimlar hamda davlat buyurtmalari bilan izohladi. SpaceX Starshield himoyalangan sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i uchun AQSh hukumatidan umumiy qiymati $6 mlrddan ortiq bo‘lgan ko‘p yillik shartnomalarni ham qo‘lga kiritgan.

SI yo‘nalishi tushumni oshirdi, biroq zararli qoldi

SpaceX tarkibidagi sun’iy intellekt yo‘nalishining tushumi bir yil ichida qariyb 3,5 baravar oshib, $2,56 mlrdga yetdi. Shundan $2,19 mlrd SI yechimlari va hisoblash infratuzilmasidan, $367 mln esa reklama faoliyatidan olingan.

Shu bilan birga, SI segmentining operatsion zarari $1,26 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning ikkinchi choragidagi $1,52 mlrdlik zarardan kam, shuningdek, 2026-yil birinchi choragiga nisbatan qariyb ikki baravar past. Kompaniya bir nechta bulutli xizmat shartnomalari bo‘yicha $14,1 mlrdlik buyurtmalar portfelini shakllantirganini ma’lum qildi.

Investorlarni, avvalo, SpaceX’ning SI infratuzilmasiga sarflayotgan mablag‘lari xavotirga soldi. Kompaniyaning umumiy kapital xarajatlari chorak davomida $18,37 mlrdga yetgan bo‘lsa, uning $15,83 mlrdi sun’iy intellekt yo‘nalishiga sarflandi. Bir yil avval SI segmentining kapital xarajatlari atigi $749 mln edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri SpaceX kompaniyasi Starship’ning 13-sinov parvozini qoldirgani haqida yozgan edi.