Yangiliklar

Telegram nima uchun App Store’dan olib tashlandi

Messenjer yana ilovalar do‘koniga joylashtirilgan
Telegram nima uchun App Store’dan olib tashlandi
Foto: depositphotos

Apple kompaniyasi Telegram messenjerini bir foydalanuvchi joylagan taqiqlangan material sabab App Store’dan vaqtincha olib tashladi. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi.

Ilova Telegram jamoasi kontentni o‘chirib, uni joylagan akkauntni bloklaganidan keyin bir necha soat ichida do‘konga qaytarildi.

Durovning aytishicha, hodisa platformadagi tizimli moderatsiya muammosi emas, balki ommaviy kanal va guruh egalaridan pul undirishga qaratilgan hujum oqibati bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, hujumchi avval joylangan eski xabarni tahrirlab, unga sun’iy intellekt yordamida yaratilgan noqonuniy materialni yashirincha qo‘shgan.

Aslida nima bo‘lgan

Eski xabar qayta tahrirlangani sabab guruh a’zolarining aksariyati uni ko‘rmagan va kontentga tezda shikoyat qilish imkoniyati bo‘lmagan. Durov bunday usuldan «o‘chirtirish orqali shantaj qiluvchilar» foydalanayotganini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar yirik ochiq hamjamiyatlar egalaridan pul talab qiladi, aks holda kanalga taqiqlangan material joylab, Apple’ga shikoyat qilish bilan tahdid qiladi. Maqsad kanal yoki guruhni bloklatish, ayrim holatlarda esa butun ilovani App Store’dan olib tashlatishdan iborat.

Qanday choralar qo‘llanildi

Apple Telegram’da bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik aks etgan material aniqlanganini va bu App Store qoidalarini buzganini ma’lum qildi. Kompaniyaga ko‘ra, Telegram taqiqlangan kontentni tezkorlik bilan o‘chirib, foydalanuvchini bloklagach, messenjer yana ilovalar do‘koniga joylashtirilgan.

Durov Apple’ning harakatlarini tanqid qilib, kompaniya avval messenjerga kirishni cheklagani, faqat shundan keyin uning ishlab chiquvchilari bilan bog‘langanini aytdi. Uning fikricha, bunday yondashuv foydalanuvchilar kontent joylaydigan barcha yirik platformalar uchun xavf tug‘diradi, chunki jinoyatchilar shu kabi usul bilan boshqa servislarni ham App Store’dan o‘chirtirishga urinishi mumkin

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Durovga jinoiy ish ochilishi Telegram foydalanuvchilariga xavf tug‘dirmasligi haqida yozgan edi.