
Uklon servisi 5-avgustdan boshlab Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan va Andijonda bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Dastlab platformaga haydovchilar ulanadi, so‘ng yo‘lovchi tashish va yetkazib berish xizmatlari ishga tushadi.
Farg‘ona vodiysi ilk hududiy kengayish nuqtasi bo‘ldi
Uklon O‘zbekistonda Toshkentdan tashqaridagi ilk yirik kengayishini Farg‘ona vodiysidan boshlamoqda. Kompaniya bir vaqtning o‘zida Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan va Andijon shaharlarida xizmatni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yadi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Farg‘ona vodiysi aholisi zichligi va transport harakatchanligi yuqori bo‘lgan hududlardan biri hisoblanadi. Uch viloyatda qariyb 11 mln kishi istiqomat qiladi, bu mamlakat aholisining qariyb 29 foiziga teng. 2025-yilda ushbu hududlarda avtomobil transportida 2 mlrddan ortiq yo‘lovchi tashilgan.
Haydovchilar ro‘yxatdan o‘tishni boshlaydi
5-avgustdan boshlab haydovchilar Uklon Driver ilovasi orqali platformaga mustaqil ulanadi. Zarurat tug‘ilganda ularga Driver Care qo‘llab-quvvatlash xizmati yordam beradi. Shuningdek, yil oxirigacha yangi shaharlardagi haydovchilar uchun pasaytirilgan komissiya stavkasi amal qiladi.
Foydalanuvchilar uchun Qo‘qon va Namanganda «Layt» hamda «Komfort», Farg‘ona, Marg‘ilon va Andijonda esa «Layt», «Komfort» va «Tezkor qidiruv» tariflari taqdim etiladi.
O‘zbekistonda 15 mln safar amalga oshirilgan
Uklon 2023-yil iyunidan buyon O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritmoqda. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda platforma orqali 15 mln dan ortiq safar amalga oshirilgan. Hozirda kompaniyaning O‘zbekistondagi jamoasi 90 ga yaqin xodimdan iborat bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pi haydovchilar va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarida ishlaydi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda taksi bozoridagi raqobat qanday kuchayayotgani haqida yozgandi.