Yangiliklar

Xavfli chiqindilar bo‘yicha yillik rejalar ishlab chiqiladi

2027-yil 1-yanvardan
Xavfli chiqindilar bo‘yicha yillik rejalar ishlab chiqiladi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ularni boshqarish bo‘yicha yillik rejalar ishlab chiqishi kerak bo‘ladi. Bu Prezidentning xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorida belgilandi.

Hujjat xavfli chiqindilar bilan ishlash tartibini kuchaytirish, ularni kamaytirish, qayta ishlash va xavfsiz joylashtirishga qaratilgan.

Tashkilotlar yillik reja tuzadi

2027-yil 1-yanvardan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ekologik ekspertiza xulosasiga muvofiq yillik rejalar ishlab chiqadi.

Ushbu rejalar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishiladi.

Rejada chiqindini kamaytirish ko‘rsatiladi

Yillik rejada xavfli chiqindilar hosil bo‘lish hajmini kamaytirish, ularni qayta ishlash ulushini oshirish va xavfsiz joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatkichlar belgilanadi.

Shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki ko‘mish uchun tegishli vakolat va infratuzilmaga ega ixtisoslashgan tashkilotlarga topshirish ham nazarda tutiladi.

Maxsus obyektlar agentlikka o‘tkaziladi

Foydalanishdan chiqarilgan xavfli chiqindilar saqlanayotgan maxsus inshootlar va ochiq maydonlar bepul asosda agentlikka o‘tkaziladi.

Ular bilan birga ushbu obyektlarni ekologik qayta tiklash uchun zarur mablag‘lar ham agentlikka beriladi.

Hisobotlar yil yakunida shakllantiriladi

2026-yil 1-oktabrdan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar bo‘yicha statistika hisobotlari yil yakuniga ko‘ra shakllantirib boriladi.

Bu xavfli chiqindilar hisobini yuritish va ularni boshqarish bo‘yicha nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) faoliyatida aniqlangan ekologik kamchiliklar ortidan korxonaga yirik miqdorda tovon puli belgilangani haqida xabar berilgandi. Tekshiruvlar davomida ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan xavfli chiqindilar ochiq hududlarda saqlanayotgani aniqlangan. Bu holat tuproq hamda yerosti suvlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.