Banklar va moliya

Bank va mikromoliya tashkilotlari islomiy bank faoliyatiga o‘tishi mumkin

Islomiy bankka aylanish tartibi belgilanmoqda
Bank va mikromoliya tashkilotlari islomiy bank faoliyatiga o‘tadi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi. Adliya vazirligi mikromoliya tashkiloti va bank faoliyatini o‘zgartirish tartibi haqidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Qaysi tashkilotlar faoliyatini o‘zgartirishi mumkin

Yangi tartibga ko‘ra, mikromoliya tashkiloti faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga aylanishi mumkin.

Shuningdek, faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki islomiy bankka, islomiy bank esa islomiy mikromoliya bankiga o‘zgartirilishi mumkin.

Bundan tashqari, islomiy mikromoliya banki yana mikromoliya tashkilotiga aylantirilishi yoki oddiy bank faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirilishi mumkin.

Islomiy bankka aylanish tartibi belgilanmoqda

Hujjatda kredit tashkilotlarining islomiy bank faoliyatiga o‘tish tartib-taomillari belgilangan.

Bunda faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka aylanish huquqi islomiy mikromoliya bankiga beriladi.

Binolarda qulay sharoit bo‘lishi talab etiladi

Mikromoliya bankini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va bank faoliyati bo‘yicha tegishli litsenziyalarni olish uchun qo‘shimcha talab ham belgilanmoqda.

Xususan, mikromoliya banki binolarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun shaharsozlik normalari va qoidalariga mos qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lishi kerak.

Buni tasdiqlash uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank huzuridagi Islom moliyasi kengashi murabaha va mudaraba bo‘yicha milliy standartlarni ishlab chiqayotgani haqida xabar berilgandi. Regulyator islomiy moliya standartlari bosqichma-bosqich ishlab chiqilishi va takomillashtirilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Markaziy bank islomiy bank faoliyati xususiyatlarini inobatga olgan holda 15 ta me’yoriy hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi.