Yangiliklar

Booking.com Turkiya bozoriga qaytishi mumkin

Kmpaniyalar Turkiyadagi savdolardan 17 foizdan ortiq komissiya ushlab qola olmaydi
Booking.com Turkiya bozoriga qaytishi mumkin
Foto: Booking.com

Booking.com va boshqa xorijiy joy bron qilish platformalari Turkiya bozoriga qaytishi mumkin. Bu haqda mahalliy Dunya nashri xabar bermoqda.

Turkiyada xorijiy turar joy bron qilish platformalari va turistik servislar faoliyatiga yangi talablar joriy etilishi mumkin. Tegishli qonun loyihasi qabul qilinsa, belgilangan shartlarni bajargan kompaniyalarga mamlakat bozorida ishlashga ruxsat beriladi.

Bu Booking.com platformasining qariyb to‘qqiz yillik tanaffusdan so‘ng Turkiyada turar joylarni bron qilish xizmatini qayta yo‘lga qo‘yishiga imkon yaratishi mumkin.

Xorijiy platformalar vakolatxona ochishi kerak

Qonun loyihasiga ko‘ra, xorijiy raqamli platformalar Turkiyada rasmiy vakolatxona tashkil etishi va faoliyat yuritish uchun maxsus ruxsatnoma olishi lozim. Ushbu hujjat har ikki yilda yangilanadi.

Ruxsatnomani uzaytirish qiymati 5 mln turk lirasi yoki $105 mingdan ortiqni tashkil etishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, kompaniyalar raqamli xizmatlar solig‘ini to‘lashi hamda yillik aylanmasining 0,05 foizini Turkiyaning Turizmni rivojlantirish agentligiga o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Komissiya 17 foizdan oshmasligi mumkin

Hujjatda xorijiy bron qilish platformalari oladigan komissiya miqdorini cheklash ham nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, kompaniyalar Turkiyadagi savdolardan 17 foizdan ortiq komissiya ushlab qola olmaydi.

Shuningdek, platformalarga paketli turlarni sotish taqiqlanadi. Ular faqat turar joylarni bron qilish, aviachiptalar va transfer xizmatlarini taklif qilishi mumkin bo‘ladi.

Algoritmlar shaffof bo‘lishi talab etiladi

Qonun loyihasi raqobat ustidan nazoratni kuchaytirishga ham qaratilgan. Xorijiy platformalar o‘z algoritmlarining ishlash tamoyillarini oshkor qilishi va bozorda ustun mavqega olib kelishi mumkin bo‘lgan amaliyotlardan voz kechishi lozim.

Mehmonxonalar esa o‘z xizmatlarini bir vaqtning o‘zida boshqa platformalar va savdo kanallari orqali ham taklif qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Booking.com Turkiyada 2017-yilda mahalliy turistik agentliklar bilan bog‘liq sud nizosidan so‘ng mamlakat ichidagi mehmonxonalarni bron qilish xizmatini to‘xtatgan edi. Yangi qonun qabul qilinishi platformaning bozorga qaytishi uchun huquqiy asos yaratishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Izmir va Toshkent o‘rtasida muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edi.