Yangiliklar

Hindistonda musson yomg‘irlari 100 dan ortiq odamni halok qildi

Tabiiy ofatlar mamlakat janubi va sharqidagi hududlarga jiddiy zarar yetkazgan
Hindistonda musson yomg‘irlari 100 dan ortiq odamni halok qildi
Foto: Pexels

Hindistonning turli hududlarida bir oydan buyon davom etayotgan kuchli musson yomg‘irlari, suv toshqinlari va momaqaldiroq oqibatida 100 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Ayrim shtatlarda yog‘ingarchilik davom etishi kutilayotgani sabab qurbonlar soni yana oshishi mumkin, deya xabar berdi Deutsche Welle.

Tabiiy ofatlar mamlakat janubi va sharqidagi hududlarga jiddiy zarar yetkazgan. Kuchli yomg‘irlar transport qatnovini izdan chiqargan, aholi punktlarini suv bosgan va qutqaruv ishlarini murakkablashtirgan.

Kerala shtatida qurbonlar soni oshdi

Hindiston janubidagi Kerala shtatida uzoq davom etgan yog‘ingarchilik oqibatida halok bo‘lganlar soni ko‘paygan. Hududda kuchli yomg‘ir va bo‘ronlar sabab ayrim yo‘llar suv ostida qolgan, xavfli joylardagi aholiga ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etilgan.

Musson mavsumi boshlanganidan buyon mamlakatning turli qismlarida ko‘chkilar, suv toshqinlari va binolarning qulash holatlari qayd etilmoqda. Tabiiy ofatlar ayniqsa infratuzilmasi zaif va tog‘li hududlarda katta xavf tug‘dirmoqda.

Jarkhandda odamlar chaqmoq urishidan halok bo‘ldi

Sharqiy Jarkhand shtatida esa bir necha kishi chaqmoq urishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Momaqaldiroq va kuchli shamol qishloq hududlaridagi aholi uchun asosiy xavflardan biriga aylangan.

Hindistonda musson mavsumi odatda qishloq xo‘jaligi uchun zarur yog‘ingarchilikni olib keladi. Biroq kuchli va uzluksiz yomg‘irlar har yili suv toshqinlari, ko‘chkilar va ko‘plab insonlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatning bir qator shtatlarida yaqin kunlarda ham kuchli yog‘ingarchilik kuzatilishi prognoz qilinmoqda.

Avvalroq «Kursiv» 300 ming kishi onlayn firibgarlikka majburlanyotgani haqida yozgan edi.