Yangiliklar

Huawei Maextro V800 avtomobilining narxi qancha

Huawei Maextro V800 avtomobilining narxi qancha
Foto: Huawei

Huawei ko‘magidagi Maextro brendi Xitoyda Huawei Maextro V800 premium minivenini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Modelning eng yuqori komplektatsiyasi 1,016 mln yuan, ya’ni qariyb $149,7 mingga baholandi. Kompaniya bir vaqtning o‘zida ixchamroq V680 modelini ham sotuvga chiqardi, uning narxi 648 ming yuan yoki taxminan $95,4 mingni tashkil etadi.

Model haqida nimalar ma’lum

Huawei ijrochi direktori Richard Yuning ma’lum qilishicha, V680 va V800 savdosi boshlanganidan keyingi dastlabki bir soat ichida 2 115 ta tasdiqlangan buyurtma qabul qilingan. Bungacha 23 kunlik oldindan savdo davrida modellar uchun 10 mingdan ortiq ariza berilgan bo‘lib, ularning qariyb 80 foizi V800 hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Foto: Maextro

Maextro V800 uzunligi qariyb 5,5 metr bo‘lgan yetti o‘rinli premium miniven hisoblanadi. Avtomobil Toyota Alphard’dan 490 mm uzun, uning g‘ildirak bazasi esa yapon modelinikidan 430 mm kattaroq. V800 kuzovining uzunligi 5 495 mm, kengligi 2 006 mm, balandligi 1 850 mm, g‘ildirak bazasi esa 3 430 mmni tashkil etadi. Eng yuqori komplektatsiyaning og‘irligi 3 190 kilogrammga yetadi.

Texnik imkoniyatlar

Foto: Maextro

Model ketma-ket gibrid EREV tizimi bilan jihozlangan. Unda CATL kompaniyasining 65 kVt·soat sig‘imli batareyasi va 1,5 litrli turbomotor o‘rnatilgan. Avtomobil faqat elektr quvvatida CLTC sikli bo‘yicha 340 kilometr masofa bosib o‘tishi mumkin. To‘liq quvvatlangan batareya va to‘ldirilgan yoqilg‘i baki bilan umumiy yurish zaxirasi 1 335 kilometrga yetadi.

V800 ikkita elektr dvigateliga ega bo‘lib, ularning jami quvvati 390 kVt yoki 523 ot kuchini tashkil qiladi. Avtomobil 800 voltli platforma, 6C tezkor quvvatlash, elektron boshqariladigan rul tizimi va orqa g‘ildiraklarni 12 darajagacha burish texnologiyasi bilan jihozlangan. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, bu 5,5 metrlik minivenga 5,4 metrlik burilish radiusi hamda yonlama harakatlanish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei kompaniyasi yangi qurilma chiqarishi mumkinligi haqida yozgan edi.