Yangiliklar

Isroil Livan janubiga zarba berdi, 1 kishi halok bo‘ldi

12 kishi jarohatlangan
Isroil Livan janubiga zarba berdi, 1 kishi halok bo‘ldi
Foto: IDF/GPO/SIPA

Isroil armiyasi Livan janubidagi «Hizbulloh» harakatiga aloqador deb ko‘rsatilgan obyektlarga zarbalar berganini ma’lum qildi. Bu haqda DW xabar bermoqda.

Harbiylar operatsiyani «aniq zarbalar» deb atab, bunga «Hizbulloh» tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi qo‘pol ravishda buzilgani sabab bo‘lganini bildirdi.

Nishondagilar oldin ogohlantirilgan

Zarbalar boshlanishidan oldin Isroil armiyasi Mansuriy shaharchasi aholisini hududni tark etishga chaqirgan. Livanning davlatga qarashli Milliy axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ogohlantirishdan so‘ng shaharchadan qariyb 15 ta oila chiqib ketgan.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Favqulodda sog‘liqni saqlash markazi Tebnin shahridagi hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgani va 12 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Mansuriy va Tebnin Livanning janubida, Isroil chegarasiga yaqin hududlarda joylashgan.

Hujum maqsadi nima edi

Mazkur hujum «Hizbulloh» Rimda Isroil va Livan hukumati vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarning so‘nggi bosqichini keskin tanqid qilganidan bir kun o‘tib amalga oshirildi. Mart oyidan buyon Livan janubida to‘qnashuvlar bir necha bor takrorlangan.

Isroil qo‘shinlari Livan hududining ayrim qismlarida joylashtirilgan bo‘lib, Tel-Aviv bu yerlarni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan «Hizbulloh»dan himoyalanish uchun tashkil etilgan «bufer hudud» deb ataydi. Livan tomoni esa Isroil harbiylarining mamlakat hududida qolishini suverenitet buzilishi sifatida baholab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Isroildagi elchixona o‘zbekistonliklarni ogohlantigani haqida yozgan edi.