
Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan «Izza» bozorida 6-avgust kuni yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q, biroq do‘konlarning 400 kvadrat metr qismi yonib ketgan.
Yong‘in qisqa vaqtda kengaygan
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in Zangiota tumani Tokzor mahallasidagi bozordagi do‘konlardan birida boshlangan. Hodisa haqida FVBga soat 12:29 da xabar kelib tushgan va voqea joyiga zudlik bilan yong‘in-qutqaruv ekipajlari yuborilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda alanga qisqa fursatda bir nechta savdo shoxobchalarini qamrab olgani, qalin qora tutun esa uzoq masofadan ham ko‘ringani aks etgan.
Yong‘in bir yarim soatda bartaraf etildi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in soat 13:48 da qurshab olinib, 14:09 da to‘liq o‘chirildi. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yong‘in natijasida do‘konlarning qariyb 400 kvadrat metr maydoni zarar ko‘rgan. Yong‘in kelib chiqish sabablari va zarar ko‘lami yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropadagi o‘rmon yong‘inlari 3,1 mlrd yevro zarar keltirgani haqida yozgandi.