Yangiliklar

Manchester universiteti bilan qo‘shma ta’lim loyihalari yo‘lga qo‘yiladi

Sun’iy intellekt va tibbiyotga e’tibor qaratiladi
Manchester universiteti bilan qo‘shma ta’lim loyihalari yo‘lga qo‘yiladi
Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning Manchester universiteti bilan oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuv yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Manchester universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha vitse-prezidenti, professor Anjeliya Uilson bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Sun’iy intellekt va tibbiyotga e’tibor qaratiladi

Professor Anjeliya Uilson Manchester universiteti O‘zbekiston bilan bir qator ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga qiziqish bildirayotganini aytdi.

Ular orasida axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt, injeneriya, barqaror rivojlanish, tibbiyot va sog‘liqni saqlash, kreativ industriyalar, biznes va menejment yo‘nalishlari bor.

Ikki tomonlama diplom dasturlari ko‘rib chiqilmoqda

Tomonlar O‘zbekiston bilan ikki tomonlama diplom dasturlari, maxsus o‘quv kurslari va qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning manfaatdor oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim loyihalarini boshlash bo‘yicha amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.

Manchester universiteti kuchli ilmiy markaz hisoblanadi

Manchester universiteti Buyuk Britaniyaning yirik ilmiy-tadqiqot universitetlaridan biri bo‘lib, mamlakatdagi nufuzli oliygohlarni birlashtiruvchi Russell Group tarkibiga kiradi.

QS World University Rankings reytingiga ko‘ra, universitet dunyodagi eng yaxshi 40 ta oliy ta’lim muassasasi qatoridan joy olgan. Unda 170 dan ortiq mamlakatdan kelgan 46 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Universitetda qariyb 12 ming xodim faoliyat yuritadi.

Manchester universiteti tabiiy fanlar, muhandislik, tibbiyot, biznes va gumanitar fanlar sohasidagi ta’lim hamda ilmiy tadqiqotlari bilan xalqaro miqyosda tanilgan. Uning hozirgi va sobiq professor-o‘qituvchilari orasida 26 nafar Nobel mukofoti sovrindori bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda O‘zbekiston – Yaponiya qo‘shma universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Yangi oliygohda dastlab sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va biznes boshqaruvi yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.