
Meta Platforms dasturlash uchun mo‘ljallangan yangi Muse Code AI-agentini taqdim etdi. Kompaniya uni OpenAI va Anthropic yechimlariga nisbatan arzonroq muqobil sifatida ko‘rsatmoqda.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Meta dasturlash uchun AI-agentlar bozorida o‘z o‘rnini egallashni maqsad qilgan.
Kompaniya taqdim etgan Muse Code dasturchilarga kod yozish va ish jarayonlarini avtomatlashtirishda yordam berishi kutilmoqda.
Muse Code narxi arzonroq bo‘ladi
Meta’ning AI yo‘nalishi rahbari Aleksandr Vangning aytishicha, Muse Code ayrim ish jarayonlari va foydalanish holatlari uchun, ayniqsa narx bo‘yicha, yaxshi variant bo‘lishi mumkin.
Agent ikki tarifda taklif etiladi. Ulardan biri Muse Spark modeli bilan bir xil narxda bo‘ladi, ikkinchisi esa undan o‘n baravardan ko‘proq arzonroq bo‘lishi aytilmoqda.
Arzon tarif uchun fikr-mulohaza berish kerak
Eng arzon tarifda 1 mln chiqish tokeni $0,2 turadi. Bunday tarifdan foydalanish uchun foydalanuvchilar agentni yaxshilashga yordam beradigan fikr-mulohazalarni taqdim etishga rozi bo‘lishi kerak.
Tokenlar sun’iy intellekt tizimlarida hisoblashning asosiy birliklaridan biri hisoblanadi.
OpenAI va Anthropic bilan raqobat kuchaymoqda
Anthropic’ning Claude Code va OpenAI’ning Codex kabi yechimlari odatda oyiga taxminan $20 turadigan tariflarga kiradi va hisoblash limitlariga ega.
Kuchliroq foydalanish uchun qo‘shimcha to‘lov talab qilinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, OpenAI’ning ayrim o‘xshash modellari uchun 1 mln chiqish tokeni $12–30, Anthropic modellari uchun esa $10–25 atrofida turadi.
Narx Xitoy modellari darajasiga yaqin
WSJ yozishicha, Meta’ning yangi agenti narx jihatidan DeepSeek kabi Xitoy modellari bilan yaqinlashmoqda. Bunday modellarda 1 mln chiqish tokeni taxminan $0,18 turishi mumkin.
Shu bilan birga, OpenAI ham 30-iyul kuni ayrim soddaroq modellari narxini pasaytirgani aytilmoqda.
Meta AI strategiyasini o‘zgartirgan
Meta o‘tgan yozda AI strategiyasini qayta ko‘rib chiqib, Meta Superintelligence Labs bo‘linmasini tuzgan edi. Uni Scale AI hammuassisi Aleksandr Vang boshqarmoqda.
U yetakchi AI laboratoriyalaridan mutaxassislarni jalb qilishni kuchaytirgan va Meta’ning yangi Muse Spark modelini ishlab chiqishga kirishgan. Kompaniya chorshanba kuni Muse Spark 1.2 modelini ham taqdim etdi.
Meta aksiyalari biroz qimmatlashdi
5-avgust kuni asosiy savdolarda Meta aksiyalari 0,1 foizga oshib, $588,8 ga yetdi. Kengaytirilgan savdolarda esa kotirovkalar yana 0,6 foizga ko‘tarilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning birinchi yarmida Meta O‘zbekistonda 28,9 mlrd so‘m soliq to‘lagani haqida xabar berilgandi. Amaldagi Soliq kodeksiga muvofiq, O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslar soliq hisobotini har chorakdan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay taqdim etishi hamda soliqlarni shu muddatda to‘lashi shart.