
Butunjahon sayohat va turizm kengashi (WTTC) hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda Markaziy Osiyo dunyodagi eng tez rivojlanayotgan turizm mintaqasiga aylandi. Oʻzbekiston esa mintaqada turistik xizmatlar eksporti va sayyohlar oqimi boʻyicha yetakchi davlat sifatida qayd etildi.
Turizm eksportining qariyb yarmi Oʻzbekistonga toʻgʻri keldi
WTTC’ning «Travel & Tourism Economic Impact Research 2026» hisobotida qayd etilishicha, 2025-yilda Markaziy Osiyoda turizmning iqtisodiyotga umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning toʻgʻridan toʻgʻri hissasi esa 19,6 foizga oshgan.
Mintaqaning turistik xizmatlar eksporti $9,9 milliardga yetib, bir yil ichida 26,4 foizga o‘sgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyo dunyoda birinchi o‘rinni egallagan.
Shundan $4,8 milliardi Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri kelib, mamlakat mintaqadagi turistik xizmatlar eksportining qariyb yarmini taʼminlagan.
Oʻzbekiston eng ommabop yoʻnalish bo‘ldi
Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo aholisi amalga oshirgan barcha mintaqaviy sayohatlarning 25 foizi Oʻzbekistonga toʻgʻri kelgan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (23 foiz), Qirg‘iziston (18 foiz), Rossiya (16 foiz) va Turkiya (6 foiz) qayd etilgan.
WTTC ekspertlari Oʻzbekistonning yetakchiligini mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va qoʻshni davlatlar sayyohlari uchun jozibadorligi bilan izohladi.
2036-yilgacha turizm hajmi yanada oshishi kutilmoqda
Hisobotda 2025-yilda xorijiy sayyohlar Markaziy Osiyodagi turizm xarajatlarining 64,3 foizini, ichki turizm esa 35,7 foizini taʼminlagani qayd etilgan. Xorijiy mehmonlar xarajatlarining 84,5 foizi dam olish, 15,5 foizi esa xizmat safarlari hissasiga toʻgʻri kelgan.
WTTC prognoziga ko‘ra, chegara tartib-taomillarini soddalashtirish, aviaqatnovlar va transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda qoʻshma turizm yoʻnalishlarini yaratish hisobiga 2036-yilga borib Markaziy Osiyoda turizmning iqtisodiyotga qoʻshadigan hissasi 29,7 milliard dollarga yetadi.
Soʻnggi uch yil ichida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 6,62 million nafardan 11,67 million nafargacha oshgan. Hukumat 2026-yil yakuniga qadar mamlakatga 12 milliondan ortiq xorijiy turistni jalb etishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda aholi va turistlar ko‘payib go‘shtga talab oshgani haqida yozgandi.