
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida joylashgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga qarashli quvur yorilgani haqida video tarqaldi. Holat yuzasidan OKMK AJ rasmiy munosabat berdi.
Kombinat munosabati
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat kecha, 5 avgust kuni soat 11:55 da Mis boyitish fabrikasining Chiqindi saqlash omboriga ketadigan magistral quvurda yorilish holati yuz bergan.
«Kombinat mutaxassislari tomonidan zudlik bilan quvurni ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, holat bartaraf etildi. Ayni paytda yo’llar tozalandi»,– deyiladi munosabatda.
Aybdorlar jazolanadi
Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, boshqarmaning Atrof-muhit monitoringi, iqlim o‘zgarishi va cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘limi (tahliliy laboratoriya) xodimlari tomonidan sex atrofidan tahlil namunalari olingan. Tahlil namunalari natijalariga ko’ra, aybdorlarga qonunda belgilangan tartibda chora ko’riladi.
Avvalroq Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi xonadonlardan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi yuz bergani haqida xabar berilgandi.