
Migratsiya agentligi AQShning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi yirik rekruting kompaniyalaridan biri bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Hujjat O‘zbekiston fuqarolarini H-2A dasturi asosida AQShdagi mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga tayyorlash va ishga joylashtirishni nazarda tutadi.
Talablar qanday bo‘ladi

Loyiha doirasida amerikalik ish beruvchilarning ehtiyojlariga mos o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi. Nomzodlar uchun ingliz tili va kasbiy tayyorgarlik kurslari tashkil etilib, ularning amaliy ko‘nikmalarini baholash hamda qo‘shma sertifikatlash tizimini joriy qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, fuqarolarni saralash va AQShga ishga yuborishning shaffof mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.

Migratsiya agentligi nomzodlarni tanlash, ularni AQSh mehnat qonunchiligi va ish sharoitlari bilan tanishtirishga mas’ul bo‘ladi. Agentlik mavsumiy ishlar yakunlangach, fuqarolarning O‘zbekistonga belgilangan muddatda qaytishini ham ta’minlaydi.
AQShdagi mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha ish beruvchilarning dastlabki talablari va ro‘yxatdan o‘tish tartibi Migratsiya agentligining «Xorijda ish» Telegram-kanalida e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Migratsiya agentligida 1 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘i o‘marilgani haqida yozgan edi.