Yangiliklar

O‘zbekiston mol go‘shti importini 9 foizga oshirdi

2026-yilning yanvar–iyun oylarida
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston 2026-yilning yanvar–iyun oylarida xorijdan $359,5 mlnlik 72 ming tonna mol go‘shti import qildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, import hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 ming tonnaga yoki 9,1 foizga oshgan.

Eng ko‘p go‘sht Hindistondan olib kelingan

Hisobot davrida O‘zbekistonga eng ko‘p mol go‘shti Hindistondan import qilingan. Ushbu davlatdan 33,9 ming tonna mol go‘shti olib kelingan.

Keyingi o‘rinda Belarus turibdi. Yanvar–iyun oylarida Belarusdan 19,6 ming tonna mol go‘shti import qilingan.

Qozog‘iston uchinchi o‘rinda

O‘zbekistonga mol go‘shti yetkazib bergan davlatlar orasida Qozog‘iston ham yuqori o‘rinlardan birini egalladi. Yarim yil davomida ushbu mamlakatdan 10,6 ming tonna mol go‘shti olib kelingan.

Pokistondan import hajmi 4 ming tonnani tashkil etgan. Boshqa davlatlar hissasiga ham jami 4 ming tonna to‘g‘ri kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aholi va turistlar ko‘payib go‘shtga talab oshgani haqida xabar berilgandi. Hozirda mamlakatda go‘shtga yillik talab 2 mln 150 ming tonnani tashkil etayotgan bo‘lsa, ishlab chiqarish hajmi 1 mln 600 ming tonnani tashkil etmoqda.