Yangiliklar

O‘zbekistonliklar Rossiyadan voz kechmoqda: migrantlar soni kamaydi

Ammo hali ham migrantlar soni bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda
Foto: m-kala.ru

2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat faoliyati uchun kirishlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2 foizga qisqardi. Bu haqda «Vedomosti» Rossiya Chegara xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

O‘zbekiston hamon birinchi o‘rinda

Statistikaga ko‘ra, pasayishga qaramay, Rossiyaga ishlash maqsadida eng ko‘p kirayotgan xorijliklar orasida O‘zbekiston fuqarolari yetakchilikni saqlab qolgan. Yanvar–iyun oylarida ular 1,17 million martadan ortiq ishlash maqsadida mamlakatga kirgan.

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Tojikiston ikkinchi o‘rinni egallagan. Ushbu mamlakat fuqarolarining ish uchun kirishlari 494,5 mingni tashkil etib, bir yil avvalgiga nisbatan 17,9 foizga kamaygan. Qirg‘iziston esa 289,1 ming kirish bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Bu yerda pasayish 16,7 foizni tashkil qilgan.

Mehnat migratsiyasi oqimi kamaymoqda

Hisobot davrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari Rossiyaga jami qariyb 1,9 million marta ishlash maqsadida kirgan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 2,3 milliondan oshgan edi. Natijada uch davlat bo‘yicha umumiy oqim qariyb 15 foizga qisqargan.

Pasayishga nima sabab bo‘lmoqda?

Rossiya Moliya universiteti professori Aleksandr Safonovning fikricha, buning asosiy omillaridan biri mamlakatda migratsiya qoidalarining qat’iylashtirilishi va ishlash uchun patent narxining oshganidir. Bundan tashqari, tibbiy ko‘rik, ijara haqi hamda transport xarajatlarining ko‘payishi ham xorijlik ishchilar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk yaratmoqda.

Ekspertning aytishicha, Markaziy Osiyodagi mehnat bozori ham o‘zgarib bormoqda. Rossiya va Xitoy sarmoyalari hisobiga mintaqada yangi ish o‘rinlari paydo bo‘layotgani sababli O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari endilikda nafaqat Rossiya, balki Janubiy Koreya, Xitoy, Yaqin Sharq davlatlari hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ishlash imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda.

Rossiya kompaniyalari yangi yo‘nalishlarni izlamoqda

Moskvadagi «Minushkina va hamkorlari» advokatlar kollegiyasi raisi Anna Minushkinaning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda xorijliklar ham, ularni ishga yollayotgan kompaniyalar ham migratsiya qonunchiligiga yanada sinchkovlik bilan rioya qila boshlagan.

Shu bilan birga, Rossiyadagi ayrim ish beruvchilar vizali davlatlardan xodim jalb qilish imkoniyatlarini faolroq o‘rganmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu holat kelgusida mamlakatdagi mehnat migratsiyasi tarkibining o‘zgarishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekistonliklar qancha pul topmoqda?

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida mamlakatga xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali 9,3 mlrd dollar kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga ko‘p. Qayd etish joiz, joriy yilning birinchi chorak hisobotiga ko‘ra, kelib tushgan mablag‘ning 2,75 mlrd dollari Rossiyadan yuborilgan. Garchi Rossiya O‘zbekiston uchun eng yirik pul o‘tkazmalari manbasi bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, uning ulushi bir yil ichida 77,6 foizdan 72,4 foizgacha qisqargan. Regulyator buni Rossiyada mehnat patentlari narxining oshishi, rublning qadrsizlanishi hamda o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining boshqa davlatlarga ko‘proq yo‘l olayotgani bilan izohlagan.

Avvalroq Rossiyada migrantlar pul o‘tkazmalaridan 3 foiz komissiya olish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.