
Samsung hali taqdim etilmagan Samsung Galaxy S26 FE smartfoni uchun ikkita rasmiy g‘ilof ishlab chiqargani aytilmoqda. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Internetda tarqalgan tasvirlarga ko‘ra, xaridorlarga shaffof Clear Magnet Case hamda silikon qoplamali Silicone Magnetic Case modellari taklif qilinadi.
Yangi aksessuarlar ichiga o‘rnatilgan magnitlar smartfonni Qi2 standartiga mos quvvatlash qurilmalari va boshqa aksessuarlarga ulash imkonini beradi. Samsung Galaxy S26 FE’ni yaqin oylarda taqdim etishi kutilmoqda.
Shaffof g‘ilof Qi2 aksessuarlarini qo‘llab-quvvatlaydi

Android Headlines nashri e’lon qilgan tasvirlarda Clear Magnet Case shaffof korpusga ega ekani ko‘rinadi. G‘ilofning orqa qismiga joylashtirilgan magnit halqa smartfon va Qi2 standartidagi aksessuarlarning bir-biriga mahkam birikishini ta’minlaydi.
Bu orqali foydalanuvchilar magnitli simsiz quvvatlash moslamalari, tashqi batareyalar va telefon ushlagichlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Silikon g‘ilof uchta rangda chiqishi mumkin
Ikkinchi aksessuar Silicone Magnetic Case deb nomlanadi. U Galaxy S25 FE uchun chiqarilgan oddiy silikon g‘ilofga o‘xshaydi, biroq yangi versiyada magnitli biriktirish tizimi mavjud.
Tarqalgan suratlarda g‘ilofning ko‘k, och yashil va pushti rangdagi variantlari ko‘rsatilgan. Yakuniy taqdimot vaqtida boshqa ranglar ham e’lon qilinishi mumkin.

Galaxy S26 FE ranglari ham oshkor bo‘ldi
G‘iloflar tasviri Galaxy S26 FE smartfonining ayrim rang variantlarini ham ochib bergan. Qurilma kamida Cobalt Violet va Mint ranglarida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.
Galaxy S26 turkumidagi boshqa smartfonlarda ramka va orqa panel odatda bir xil rangda bo‘lishi aytilmoqda. Galaxy S26 FE’da esa tanlangan rangdan qat’i nazar kumushrang ramka qo‘llanilishi mumkin.
Hozircha Samsung g‘iloflar dizayni, ranglari va Galaxy S26 FE’ning taqdimot sanasini rasman tasdiqlamagan. Shu sababli ushbu ma’lumotlar kompaniya taqdimotigacha o‘zgarishi ehtimoli bor.
Avvalroq «Kursiv» Samsung buklanadigan smartfonlari rekord darajada buyurtma olgani haqida yozgan edi.