Yangiliklar

Sirdaryoda bolasini urgan ayol uch sutkaga qamaldi

Bolaning otasi hodisa haqida ishdan qaytganidan keyin xabar topgan
Sirdaryoda bolasini urgan ayol uch sutkaga qamaldi
Foto: Pexels

Sirdaryo viloyatida 10 yoshli farzandiga tan jarohati yetkazgan ayolga uch sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda «Millar» dasturida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, ayol farzandining maktabdagi to‘garakka bormay, ko‘chada o‘ynab yurganidan jahli chiqib, uni kiyim ilgich bilan urgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida bola sog‘lig‘ining qisqa muddatga buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati olgani qayd etilgan.

Bolaning otasi hodisa haqida ishdan qaytganidan keyin xabar topgan. U sudda turmush o‘rtog‘iga nisbatan da’vosi yo‘qligini, oilani saqlab qolish istagida ekanini bildirib, jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Qanday jazo qo‘llanildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tumani sudi ayolni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi va unga uch sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Sud ayolga bunday holat qayta takrorlansa, u jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini ham tushuntirdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri bolalarga zo‘ravonlik qilgan pedagoglarga bog‘chada ishlash taqiqlangani haqida yozgan edi.