Yangiliklar

Tadbirkorlik subyektlari xavfi 3 toifaga ajratiladi

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi ehtimoli elektron tizim orqali avtomatik ravishda baholanadi
Tadbirkorlik subyektlari xavfi 3 toifaga ajratiladi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida tadbirkorlik subyektlari tadbirkorlik subyektlari xavfi 3 toifaga ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Adliya vazirligi sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilishda mazkur tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026-yil 1-avgustda 3915-son bilan ro‘yxatga olingan.

Xavf darajasi avtomatik baholanadi

Yangi tartibga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi ehtimoli elektron tizim orqali avtomatik ravishda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan materiallar hamda boshqa qonuniy manbalardan foydalaniladi.

Xavfni tahlil qilish jarayonida tadbirkorlardan qo‘shimcha hujjatlar yoki ma’lumotlar talab etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Baholash xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi sanoat xavfsizligi, atom energetikasi va yadro texnologiyalari obyektlaridagi radiatsiya hamda yadro xavfsizligi, shuningdek, attraksionlardan foydalanish xavfsizligi bo‘yicha belgilangan mezonlar asosida amalga oshiriladi.

Past xavfdagi korxonalar tekshirilmaydi

Elektron tizim tadbirkorlik subyektlarini qonunbuzilish xavfi darajasiga qarab yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratadi.

Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kirgan subyektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar amaldagi qonunchilik talablari asosida tashkil etiladi. Past xavf toifasiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

Shu bilan birga, elektron tizim orqali aniqlangan xavf darajasining o‘zi tadbirkorlik subyektiga nisbatan bevosita ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri har ming aholiga 32 ta tadbirkor to‘g‘ri kelishi haqida yozgan edi.