
Toshkentning Yashnobod tumanida mast holatda keksa ayolga tegajog‘lik qilgan 22 yoshli yigitga nisbatan ma’muriy ish rasmiylashtirildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Hodisa tong saharda yuz bergan
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 4-avgust kuni ertalab soat 05:30 lar atrofida Shirinobod mahallasi hududida sodir bo‘lgan. 2004-yilda tug‘ilgan M.X. alkogol ta’sirida bo‘lgan holda yoshi katta ayolga nisbatan nomunosib harakatlar qilgan.
Voqeadan so‘ng u hodisa joyidan uzoqlashishga uringan. Ammo yaqin atrofdagi fuqarolar uni ushlab qolib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga topshirgan.
Uchta modda bilan javobgarlikka tortilmoqda
Holat bo‘yicha yigitga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning mayda bezorilik, jamoat joyida spirtli ichimlik iste’mol qilish hamda ichki ishlar xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslikni nazarda tutuvchi 183-, 187- va 194-moddalari asosida ma’muriy materiallar rasmiylashtirilgan.
Tayyorlangan hujjatlar ishni ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudiga yuborilgan.
Poytaxtda shunga o‘xshash holat kuzatilgandi
Avvalroq Uchtepa tumanidagi Farhod bozori yaqinidagi yerosti yo‘lagida 29 yoshli ayolga nisbatan uyatsiz qilmish sodir etgan erkak ham qo‘lga olinib, unga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilayotgani haqida xabar berilgandi.