
Migratsiya agentligi Yaponiyada avtobus va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlash uchun grant dasturiga navbatdagi qabul boshlanganini ma’lum qildi. Loyiha Yaponiyaning Onodera User Run va Willer Express kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Qanday talablar bor
Dasturda 21 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan, D, CE yoki BC toifalaridan kamida bittasiga ega tajribali haydovchilar qatnashishi mumkin. Nomzod haydovchilik guvohnomasini kamida 2,5 yil avval olgan hamda hujjat berilganidan keyin O‘zbekistonda kamida uch oy yashagan bo‘lishi kerak.
Tanlovdan o‘tgan fuqarolar Toshkent shahri Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasidagi Xalqaro til va ko‘nikmalar maktabida 7,5 oylik bepul intensiv yapon tili va kasbiy tayyorgarlik kursida o‘qiydi. Migratsiya agentligi o‘qish davrida nomzodlarni bepul yotoqxona bilan ta’minlaydi.
Qanday ishlarga jalb qilinadi
Dastur ishtirokchilari Yaponiyada tezyurar avtobus yoki yuk mashinasi haydovchisi sifatida ishga joylashtiriladi. Ularning ustama va bonuslar bilan birga oylik umumiy daromadi amaldagi valyuta kursi bo‘yicha $1,35 mingdan $2,8 minggacha yetishi mumkin.
Ishchilarga viza rasmiylashtirish, tibbiy va ijtimoiy sug‘urta hamda turar joy topishda ko‘mak beriladi. Nomzodlarni saralash 2026-yil avgust oyining ikkinchi yarmida onlayn suhbat orqali o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan o‘tish onlayn anketa orqali amalga oshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston fuqarolari AQShga ishga yuborilishi haqida yozgan edi.