
Dunyoda jazirama, o‘rmon yong‘inlari va okeanlardagi rekord harorat davom etayotgan bo‘lsa ham 2026-yil hali tarixdagi eng issiq yil maqomini olgani yo‘q. Bu haqda «Euronews» tadqiqotida keltirilgan.
Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil harorat bo‘yicha 2024 va 2025-yillardan keyin uchinchi o‘rinda turibdi. Shunga qaramay, yilning qolgan qismidagi ob-havo va okean haroratining dinamikasi uni birinchi o‘ringa olib chiqishi mumkin.
2026-yil rekordchi bo‘lish ehtimoli oshmoqda
«Berkeley Earth» iqlim ma’lumotlarini tahlil qiluvchi tashkilotining klimatologi Zik Hausfather hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilning tarixdagi eng issiq yilga aylanish ehtimoli hozir 35 foiz atrofida.
Bu ko‘rsatkich bir necha oy avvalgidan ancha yuqori. Masalan, mart oyida mutaxassis mazkur ehtimolni atigi 7 foiz deb baholagan.
NASAning sobiq bosh klimatologi Jeyms Xansen esa 2026-yil oxir-oqibat 2024-yildagi rekorddan biroz yuqorilashi mumkinligini kutmoqda.
Okeanlar rekord darajada qizimoqda
Olimlarni ayniqsa okeanlardagi vaziyat xavotirga solmoqda. Dunyo okeani yuzasining sutkalik o‘rtacha harorati may oyida 2024-yildagi ko‘rsatkichlarga tenglashgan. Iyun oyidan boshlab esa rekord ko‘rsatkichlar deyarli har kuni yangilanmoqda.
Yevropaning Copernicus iqlim xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyo okeani yuzasining qariyb 82 foizida dengizdagi issiqlik to‘lqinlari kuzatilmoqda.
Xansenning ta’kidlashicha, okean haroratidagi o‘zgarishlarning global havo haroratiga ta’siri odatda taxminan bir yarim oy kechikib namoyon bo‘ladi. Shu sababli okeandagi hozirgi rekordlar kelgusi oylar uchun yanada yuqori harorat ehtimolini oshirmoqda.
2027-yil undan ham issiq bo‘lishi mumkin
Olimlarning eng katta xavotiri 2027-yil bilan bog‘liq. Kuchli issiqlik fonida kelgusi yil global harorat bo‘yicha yangi rekord o‘rnatishi mumkinligi prognoz qilinmoqda.
Ya’ni 2026-yil tarixdagi eng issiq yil bo‘lib chiqsa ham, bu rekord uzoq vaqt saqlanib qolmasligi mumkin. Mutaxassislar 2027-yilda undan ham yuqori ko‘rsatkich qayd etilishi ehtimolini jiddiy baholamoqda.
Jazirama butun dunyoni qamrab olmoqda
Bu yozda rekord issiqlik ayniqsa bunday ob-havoga odatlanmagan hududlarda kuchli sezilmoqda. Yevropada may oyidayoq noodatiy issiq kuzatilgan, iyunda yana bir, iyulda esa ikki issiqlik to‘lqini qayd etilgan. Hozir esa Fransiya va Ispaniyada yangi jazirama davom etmoqda.
Shunga o‘xshash holatlar Shimoliy va Janubiy Amerikada, Hindistonda ham kuzatilmoqda. Copernicus vakili Samanta Byorjesning ta’kidlashicha, Yevropada bu yilgi issiqlik to‘lqinlarining nafaqat kuchi, balki takrorlanish tezligi va davomiyligi ham noodatiy.
Ayniqsa tungi haroratning yuqoriligi xavfli. Chunki havo kechasi ham yetarlicha sovumagani sabab odamlarning uxlashi qiyinlashadi, bu esa sog‘liq va mehnat unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Olimlar yillar davomida ogohlantirib kelgan ssenariy
Prinston universiteti klimatologi Maykl Oppengeymerning fikricha, 2026-yildagi vaziyat olimlar yillar davomida ogohlantirib kelgan iqlim ssenariysining amaldagi ko‘rinishidir.
Uning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi o‘rmon yong‘inlari xavfini oshirmoqda, shuningdek, dunyoning turli hududlarida o‘ta issiq va ilgari kuzatilmagan darajadagi yoz fasllarining yuzaga kelish ehtimolini kuchaytirmoqda.
Shunday ekan, 2026-yilning o‘zi rekord o‘rnatadimi yoki yo‘qmi — hozircha ochiq savol. Ammo olimlarning e’tibori allaqachon 2027-yilga qaratilgan.
Avvalroq iqlim o‘zgarishi tufayli kechasi havo haroratining oshib borishi dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida xabar berilgandi.