
Migratsiya agentligi sobiq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimi Aziz Toshtemirovning internetda tarqatayotgan bayonotlariga munosabat bildirdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro qidiruvda bo‘lgan sobiq mansabdor va uning yaqinlari nomiga rasmiylashtirilgan ko‘chmas mulklar qiymati kamida $1,5 mln yoki 19 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Agentlik Toshtemirovning Koreyaga fuqarolarni ishga yuborish bilan bog‘liq $90 mlnlik korrupsion sxema haqidagi savollariga javoban uning daromadlari va mol-mulkiga oid ma’lumotlarni e’lon qildi. Bayonotda qayd etilishicha, ushbu ma’lumotlar dastlabki tahlil natijalari bo‘lib, holatga yakuniy huquqiy bahoni tergov va sud organlari beradi.
Besh yillik ish haqi 1,8 mlrd so‘m bo‘lgan
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Aziz Toshtemirov 2020–2025-yillarda migratsiya tizimida turli lavozimlarda ishlagan. Shu davrda unga hisoblangan jami ish haqi 1 mlrd 833 mln so‘m yoki o‘sha paytdagi hisob-kitob bo‘yicha qariyb $153 mingni tashkil qilgan.
Idora o‘tkazgan dastlabki o‘rganishlarda Toshtemirov va uning yaqinlari nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar qiymati uning qonuniy daromadidan bir necha barobar yuqori ekani aniqlangani aytilmoqda.
Xususan, agentlik 2023–2025-yillarda Toshtemirov, uning onasi va turmush o‘rtog‘i nomiga kamida yettita yirik ko‘chmas mulk obyekti xarid qilinganini bildirdi.
Ular orasida Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Piramit Tower turar joy majmuasidan olingan 110 va 50 kvadrat metrli ikkita xonadon bor. Shuningdek, Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanida 1,2 ming kvadrat metr yer maydoniga ega hovli-joy hamda Chilonzor tumanining turli mavzelaridagi to‘rtta xonadon tilga olingan.
Migratsiya agentligi ushbu ko‘chmas mulklarning umumiy qiymatini kamida $1,5 mln yoki 19 mlrd so‘mga baholamoqda. Biroq bayonotda mulklar qiymatini aniqlash usuli va ularni sotib olishga oid hujjatlarning batafsil mazmuni ochiqlanmagan.
Mingga yaqin murojaat kelib tushgan
Rasmiy munosabatda 2022–2025-yillarda fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish jarayonlaridagi ehtimoliy qonunbuzilishlar va adolatsizliklar yuzasidan Migratsiya agentligiga mingga yaqin murojaat kelib tushgani qayd etilgan.
Agentlikning ta’kidlashicha, murojaatlarning ayrimlarida bevosita Toshtemirov faoliyatiga oid holatlar bayon qilingan. Huquqiy baho berishni talab qiladigan materiallar vakolatli organlarga taqdim etilgan.
Shuningdek, ayrim fuqarolar mustaqil OAVga bergan intervyulari va agentlik rahbari qabulida Toshtemirovning xatti-harakatlari oqibatida zarar ko‘rganliklarini ma’lum qilgan. Ushbu da’volar bo‘yicha ham hozircha yakuniy sud qarori e’lon qilinmagan.
Koreyaga ishga yuborish tartibi o‘zgartirildi
2024-yil oktabrida Migratsiya agentligi qayta tashkil etilgach, Janubiy Koreyaga ishga yuborish uchun nomzodlarni tanlash tizimi qayta ko‘rib chiqilgan. Shu sababli 2025-yilda EPS-TOPIK testlari o‘tkazilmagan.
2026-yildan imtihonlar ilk bor Bilim va malakalarni baholash agentligi bazasida, Migratsiya agentligining komplayens nazorati ostida tashkil etildi. Idora bu o‘zgarishlarni tanlov jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini oshirish zarurati bilan izohladi.
Agentlik Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik va korrupsiya holatlarini tergov qilayotganini ham eslatdi.
Yakuniy bahoni tergov va sud beradi
Migratsiya agentligi davom etayotgan tergovga aralashmasligini va tergov siri hisoblangan ma’lumotlar yuzasidan ommaviy bahs yuritmasligini bildirdi. Idora dalillarga ega shaxslar ularni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish o‘rniga vakolatli tergov organlariga taqdim etishi kerakligini ta’kidladi.
Rasmiy bayonotda Toshtemirov 2026-yil aprelidan buyon xalqaro qidiruvda ekani aytilgan. Shu bilan birga, unga nisbatan ilgari surilgan gumon va ayblovlar sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar isbotlangan deb hisoblanmaydi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq $90 mlnlik ehtimoliy korrupsion sxema yuzasidan sud jarayoni boshlangan. Ishning tafsilotlari va sudlanuvchilar tarkibi bayonotda to‘liq keltirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Migratsiya agentligida 1 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘i o‘marilgani haqida yozgan edi.