Avto

Esteo V27 avtomobili sotuvga chiqdi — narx

Esteo V27 avtomobili sotuvga chiqdi — narx
Foto: Esteo

Rossiyada Esteo V27 yirik gibrid yo‘ltanlamasining savdosi boshlandi. Bu haqda Autonews nashri xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat subsidiyasi hisobga olinganda avtomobil narxi 5,75 mln rubl yoki joriy kurs bo‘yicha taxminan $71 mingni tashkil etadi. Subsidiyasiz to‘liq narx 6,675 mln rubl — qariyb $82,4 mingga teng.

Model allaqachon Rossiyadagi dilerlik markazlariga yetkazib berilgan. Esteo V27 tashqi dizayni dumaloq farali Toyota Land Cruiser Prado 250 hamda Land Rover Defender uslubini eslatadi.

Ikki elektromotor 456 ot kuchi beradi

Foto: Esteo

Esteo V27 Golden REEV ketma-ket gibrid tizimi bilan jihozlangan. Avtomobil g‘ildiraklarini ikkita elektromotor harakatga keltiradi va ularning umumiy quvvati 456 ot kuchini tashkil etadi. Esteo ham ushbu ko‘rsatkichni modelning rasmiy texnik xususiyatlarida tasdiqlagan.

1,5 litrli turbobenzin dvigateli esa g‘ildiraklarga bevosita ulanmagan. U generator vazifasini bajarib, tortish batareyasini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, avtomobilning umumiy yurish zaxirasi 890 kilometrdan oshadi. Yoqilg‘i baki atigi 45 litr sig‘imga ega. Shu tariqa V27 uzoq masofali safarlarda batareya quvvatlash stansiyasiga to‘liq bog‘lanib qolmaydi.

100 km/soat tezlikka 5,9 soniyada chiqadi

Yo‘ltanlamas i-AWD intellektual to‘liq uzatma tizimiga ega. Uning yo‘l oralig‘i 220 mmni tashkil etadi, avtomobil 600 mm chuqurlikkacha bo‘lgan suvli to‘siqlardan o‘ta oladi.

Foto: Esteo

Haydovchi uchun sakkizta asosiy va bitta qo‘shimcha harakatlanish rejimi ko‘zda tutilgan. 456 ot kuchiga ega gibrid tizim V27’ga soatiga 100 kilometr tezlikka 5,9 soniyada chiqish imkonini beradi.

Avtomobil Rossiya iqlimiga ham moslashtirilgan. Kuzovga kuchaytirilgan korroziyaga qarshi himoya berilgan, CATL tortish batareyasi esa past haroratlarda uning ishlashini nazorat qiladigan intellektual termoboshqaruv tizimiga ega.

Salonda Snapdragon 8155 protsessori o‘rnatilgan

Esteo V27 old o‘rindiqlarni isitish va shamollatish tizimi, panoramali tom hamda o‘zgartiriladigan ikkinchi qator o‘rindiqlar bilan jihozlangan.

Multimedia majmuasi Qualcomm Snapdragon 8155 protsessori asosida ishlaydi. Salonda iqlim nazorati, aromatizatsiya tizimi va asosiy funksiyalarni boshqarishga mo‘ljallangan jismoniy tugmalar ham saqlab qolingan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix Activ 2027 rasman sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.