Lifestyle

Madeyradagi bir kecha 1,5 ming dollar: Ronalduning to‘yi o‘tadigan mehmonxona haqida

Sobor taxminan 800 kishini sig‘dira oladi
Madeyradagi bir kecha 1,5 ming dollar: Ronalduning to‘yi o‘tadigan mehmonxona haqida
Foto: Ezarri

Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning ehtimoliy to‘y bazmi Madeyradagi besh yulduzli Savoy Palace mehmonxonasida o‘tishi aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, mehmonxona xususiy tom hovuzi, shaxsiy batler xizmati, spa markazi va Atlantika okeaniga panoramali manzarasi bilan ajralib turadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jorjina Rodriges Madeyra poytaxti Funshalning tarixiy markazida joylashgan soborda nikoh marosimida ishtirok etishi mumkin. Sobor taxminan 800 kishini sig‘dira oladi.

Shundan so‘ng Ronaldu va Jorjina mehmonlar bilan birga Savoy Palace mehmonxonasiga yo‘l olishi kutilmoqda. Sobordan mehmonxonagacha mashinada taxminan besh daqiqa, piyoda esa 15 daqiqa ketadi.

Savoy Palace hashamatli xizmatlari bilan tanilgan

Foto: Tripadvisor

Savoy Palace Madeyradagi eng hashamatli mehmonxonalardan biri hisoblanadi. Unda oltita basseyn, spa markazi, bir nechta besh yulduzli restoran, panoramali manzaralar va kecha-kunduz xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud.

Ronaldu oilasi avval ham ushbu mehmonxonada qolgan. Xabarlarga ko‘ra, ular mehmonxonaning yuqori qavatlarida joylashgan The Reserve nomli maxsus hududida to‘xtashi mumkin. Bu yerda bir kecha narxi 1,1 ming funt sterling ($1,5 ming)dan boshlanadi.

Tomdagi hovuz va shaxsiy batler xizmati bor

The Reserve mehmonlarga alohida xizmat ko‘rsatadigan «mehmonxona ichidagi mehmonxona» sifatida ta’riflanadi. Bu hududda Jacarandá Lounge & Club, xususiy tom hovuzi, quyoshda dam olish zonasi, alohida ovqatlanish joylari va shaxsiy batler xizmati mavjud.

Aynan shu joy Ronaldu va Jorjina to‘y kunlari yaqinlari bilan qolishi mumkin bo‘lgan asosiy hudud sifatida tilga olinmoqda.

Bazm uchun katta zal yoki tomdagi maydon tanlanishi mumkin

Foto: Tripadvisor

Savoy Palace to‘y bazmini o‘tkazish uchun bir nechta hashamatli maydonlarni taklif qiladi. Ular orasida 1000 nafargacha mehmon sig‘adigan Grand Ballroom zali ham bor.

Bundan tashqari, mehmonxonaning Galáxia nomli tomdagi hududlari ham bayram uchun tanlanishi mumkin. Bu joydan orol va okeanga 360 darajali manzara ochiladi.

Menyuda dengiz mahsulotlari bo‘lishi mumkin

To‘y dasturxonida Madeyraning mahalliy taomlari va zamonaviy uslubda tayyorlangan gurme taomlar bo‘lishi kutilmoqda.

Mehmonxonaning Galáxia Seafood restorani dengiz mahsulotlariga ixtisoslashgan. Unda oshpaz Roberto Barros mahalliy ta’mlarni zamonaviy talqinda taqdim etadi.

Mehmonxona Ronaldu uchun ramziy joyda joylashgan

Savoy Palace Ronaldu uchun muhim bo‘lgan Madeyrada joylashgan. Futbolchi aynan shu orolda tug‘ilib o‘sgan.

Madeyrada Ronaldu haykali, uning nomi bilan atalgan mehmonxona va CR7 muzeyi ham bor. Shu sabab ehtimoliy to‘y joyi futbolchi hayoti va oilaviy tarixiga yaqin hudud sifatida ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ronalduning to‘yi haqidagi yangi ma’lumotlar savollarni paydo qilgani haqida xabar berilgandi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining opa-singillari Ronaldu bu yil, xususan, yaqin kunlarda uylanmasligini bildirgan.