
AQShning Nyu-Meksiko sudi tomonidan Meta kompaniyasi $567 mln jarimaga tortildi. Mablag‘ bolalar hamda o‘smirlarga yetkazilgan zararni kamaytirishga yo‘naltiriladigan jamg‘armaga yuklanadi, deya yozmoqda BBC.
Sud Meta platformalarini jamoat uchun zararli deb topdi
Nyu-Meksiko sudyasi Brayan Bidshaud Meta platformalarining bolalar ruhiy salomatligi va xavfsizligiga ta’siri keng jamoatchilik manfaatlariga zarar yetkazadigan darajaga yetgan, degan xulosaga keldi.
Sud qarorida Meta faoliyati atrof-muhitni ifloslantiruvchi zavodga qiyoslandi. Sudyaning fikricha, platformalarda yuzaga keladigan zarar faqat ijtimoiy tarmoqlar doirasida qolmay, bolalar, ularning oilalari, maktablar, tibbiyot muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ham ta’sir qiladi.
Ish 2023-yilda Nyu-Meksiko shtati prokuraturasi tomonidan berilgan da’vo asosida boshlangan. Da’voda Meta yosh foydalanuvchilarni zararli materiallar va xavfli aloqalardan yetarli darajada himoya qilmagani hamda o‘z platformalaridagi tahdidlar haqida jamoatchilikni to‘liq ogohlantirmagani aytilgan.
Sud jarayonining birinchi bosqichida hakamlar hay’ati Meta Nyu-Meksikoning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunini buzgan, degan qarorga kelib, kompaniyaga $375 mln jarima belgilagan edi.
$420 mln davolash dasturlariga sarflanadi
Yangi tashkil etiladigan $567 mlnlik jamg‘armaning asosiy qismi — $420 mln yosh foydalanuvchilarga yordam ko‘rsatadigan klinik, ruhiy salomatlik va xulq-atvor bilan bog‘liq dasturlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Qolgan mablag‘lar keyingi besh yil davomida ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siri haqida xabardorlikni oshirish, xavflarning oldini olish, yoshlarni tekshiruvdan o‘tkazish hamda o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini tayyorlashga sarflanadi.
Meta jamg‘arma mablag‘larining sarflanishi va sud talablarining bajarilishi bo‘yicha muntazam ravishda hisobot taqdim etishi kerak bo‘ladi.
O‘smirlarning tarmoqdagi vaqti cheklanadi
Sud Meta platformalarida voyaga yetmagan foydalanuvchilarni himoya qilishga qaratilgan qator o‘zgarishlarni amalga oshirishni ham buyurdi.
Jumladan, 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarning Instagram va Facebook’dan foydalanish muddati bir oyda jami 90 soat, ya’ni kuniga o‘rtacha uch soat bilan cheklanishi kerak.
Voyaga yetmagan foydalanuvchilarga tungi soat 22:00 dan ertalabki 07:00 gacha bildirishnomalar yuborish taqiqlanadi. O‘quv yili davomida esa dam olish kunlaridan tashqari soat 08:00 dan 15:00 gacha bildirishnomalar o‘chirib qo‘yilishi lozim.
Bundan tashqari, 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarning sahifalarida «yoqtirish»lar soni yashiriladi. Meta yoshni aniqlash vositalarini kuchaytirishi, 13 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilardan olingan ayrim ma’lumotlarni o‘chirishi va maktablarga voyaga yetmagan bolalarning akkauntlari haqida xabar berish imkonini yaratishi kerak.
Kattalar va voyaga yetmaganlar aloqasiga cheklov qo‘yiladi
Sud qaroriga ko‘ra, Meta voyaga yetmagan foydalanuvchilarning akkauntlarini begona kattalarga tavsiya qilmasligi kerak. Shuningdek, kattalarning bolalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabar yuborishi va platformalarda nomaqbul aloqalar o‘rnatishining oldini oluvchi qat’iy mexanizmlar joriy etiladi.
Bolalarga qarshi ekspluatatsiya bilan bog‘liq qoidani bir marta buzgan katta yoshli foydalanuvchiga nisbatan darhol keskin chora ko‘rish talabi ham belgilandi. Sun’iy intellekt yordamchilari va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi nomaqbul muloqotlarni cheklash ham sud belgilagan xavfsizlik choralariga kiritilgan.
Meta sud qarori ustidan shikoyat qiladi
Meta sud xulosasiga qo‘shilmasligini va qaror ustidan apellyatsiya berishini ma’lum qildi. Kompaniya o‘z platformalarida odamlar xavfsizligini ta’minlash uchun katta ish olib borayotganini, zararli foydalanuvchilar va materiallarni aniqlash bilan bog‘liq muammolarni yashirmaganini bildirdi.
Meta vakillari kompaniyaning o‘smirlarni himoya qilish borasidagi faoliyati noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ta’kidlamoqda. Shuningdek, ayrim sud talablari texnik jihatdan bajarilishi va foydalanuvchilarning huquqlariga ta’siri bo‘yicha e’tirozlar bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Meta dasturchilar uchun arzon SI-agentini chiqargani haqida yozgan edi.