
O‘zbekistonda naslchilik xo‘jaliklariga urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat budjetidan subsidiya ajratiladi. Bu prezidentning tegishli qarorida qayd etildi.
Yangi tartib 2026-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi va 2030-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi. Subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan ajratiladi.
Subsidiya har bir bosqich uchun alohida beriladi
Qarorga ko‘ra, naslchilik xo‘jaliklarida ko‘paytirish uchun qoldirilgan va identifikatsiyadan o‘tkazilgan urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
Birinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda 1,5 mln so‘m, ikkinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda esa 2 mln so‘m subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, olingan buzoq 12 oylikkacha saqlansa, qo‘shimcha 1 mln so‘m beriladi. Buzoqni 12 oylikdan 18 oylikkacha saqlash uchun ham yana 1 mln so‘m subsidiya nazarda tutilgan. Mazkur mablag‘lar har bir davr uchun alohida hisoblanadi.
Xorijdan chorva olib keluvchi servis korxonasi tuziladi
Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi muassisligida maxsus servis korxonasi tashkil etiladi. Korxona xorijiy davlatlarda chorvachilik loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, u xorijdan yirik va mayda shoxli chorva mollarini olib kelib, chorvachilik xo‘jaliklari hamda aholi xonadonlariga yetkazib beradi. Import qilinadigan chorva mollari uchun O‘zbekiston hududida maxsus karantin punktlari va zonalari tashkil etiladi.
Chorva egalariga 12 oy xizmat ko‘rsatiladi
Servis korxonasi chorva mollari yetkazib berilgandan keyin kamida 12 oy davomida xo‘jaliklar va aholi xonadonlariga xizmat ko‘rsatadi.
Xizmatlar to‘plamiga chorva mollarini oziqlantirish, veterinariya yordami, sun’iy urug‘lantirish, naslchilik va zootexnik xizmatlar kiradi. Bu orqali olib kelingan chorva mollarini mahalliy sharoitga moslashtirish hamda ularning mahsuldorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda aholi va turistlar ko‘payib go‘shtga talab oshgani haqida yozgan edi.