
Rossiyaning Oltoy respublikasidan O‘zbekistonga chorva mollari yetkazib berish davom etmoqda. O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil va 2026-yilning dastlabki davrida Oltoydan 30 ming boshga yaqin qoramol olib kelingan, deya xabar berdi «Dunyo».
Oltoy chorvachilikdagi muhim hamkorlardan biri
Oltoy respublikasi O‘zbekiston uchun chorvachilik, xususan, naslchilik yo‘nalishidagi asosiy hamkorlardan biri hisoblanadi.
Hududdan O‘zbekistonga yirik shoxli qoramollarni yetkazib berish ishlari davom etmoqda. Hozir Oltoyda qoramollarni eksport qilish huquqiga ega oltita korxona faoliyat yuritmoqda.
Hamkorlik uchun ishchi guruh tuzilgan
2025-yil may oyida O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi va Oltoy Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida chorvachilik sohasida qo‘shma ishchi guruh tashkil etilgan.
Ushbu hamkorlik doirasida O‘zbekistonga otlar, qoramollar va echkilar yetkazib berish hajmini oshirish masalasi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Qashqadaryo bilan echki yetkazib berish ham yo‘lga qo‘yilgan
Oltoydagi «Kayral» MChJ Qashqadaryo viloyatining «Naslchilik» kompaniyasi bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
2025-yilda O‘zbekistonga «Tog‘li Oltoy» zotiga mansub 2,3 ming bosh echki olib kelingan. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 930 boshni tashkil etgan edi.
Simmental va Gereford zotlariga talab oshmoqda
O‘zbekistonga «Simmental» va «Gereford» zotli qoramollar ham yetkazib berilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatga yirik va mayda shoxli chorva mollarini olib kelish hajmida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nasldor qoramol uchun 2 mln so‘mgacha subsidiya berilishi haqida xabar berilgandi. Yangi tartib 2026-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi va 2030-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi. Subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan ajratiladi.