Yangiliklar

Qozog‘iston O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga qalbaki un olib kirilishidan xavotir bildirdi

Muammo 6-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston–Qozog‘iston biznes-forumida muhokama qilindi
Qozog‘iston O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga qalbaki un olib kirilishidan xavotir bildirdi
Foto: depositphotos.com

Qozog‘iston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari O‘zbekiston va Afg‘onistonda ularning brendlari ostida qalbakilashtirib sotilayotganidan shikoyat qildi. Muammo 6-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston–Qozog‘iston biznes-forumida muhokama qilindi.

Qozog‘iston brendlari ostida un sotilmoqda

Qozog‘iston Donni qayta ishlovchilar uyushmasi prezidenti Jomart Motishevning ma’lum qilishicha, ayrim mahsulotlar Qozog‘istondagi un ishlab chiqaruvchilarning qadoqlaridan foydalanib, Afg‘oniston bozoriga chiqarilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, bunday holatlar ishlab chiqaruvchilarga moliyaviy zarar yetkazishi bilan birga, mahsulot sifati bo‘yicha iste’molchilarda noto‘g‘ri tasavvur paydo qilishi mumkin.

Chegaralarda nazoratni kuchaytirish taklif qilindi

Motishev O‘zbekiston va Afg‘oniston bilan chegaralarda nazoratni kuchaytirishni taklif qildi. Shuningdek, Qozog‘iston unining O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistonga tranziti masalasini alohida muhokama qilish zarurligini bildirdi.

Uning fikricha, muammo mahsulot xavfsizligi va sifati bilan birga, O‘zbekiston hamda Qozog‘iston ishlab chiqaruvchilarining bozordagi raqobatbardoshligiga ham taalluqli.

O‘zbekistonda qayta qadoqlash holatlari tasdiqlandi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov un mahsulotlarini qayta qadoqlash bilan bog‘liq holatlar mavjudligini tasdiqladi.

Uning aytishicha, boshqa sifatdagi mahsulot Qozog‘iston brendi ostida sotilsa, xaridor uning xususiyatlarini aynan shu ishlab chiqaruvchi bilan bog‘lashi mumkin. Bu esa kompaniyaning obro‘siga zarar yetkazishi ehtimolini oshiradi.

Qozog‘iston brendlariga talab yuqori

Qozog‘iston Milliy tadbirkorlar palatasi rahbari Qanat Sharlapayevning ta’kidlashicha, Afg‘onistonlik treyderlar Qozog‘iston brendlarining qadoqlarini so‘rashi mumkin. Bunga mamlakat un mahsulotlarining Afg‘oniston bozorida yaxshi tanilgani sabab bo‘lmoqda.

Biroq u bunday holat ishlab chiqaruvchilar uchun ham moliyaviy yo‘qotish, ham brend obro‘siga xavf tug‘dirishini qayd etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 205 tonna unni birjasiz sotgan korxona jazolangani haqida yozgandi.