
7-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va texnologik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Munosabatlar yangi bosqichda
Suhbat davomida O‘zbekiston-Amerika munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga yetgani qayd etildi. Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Mirziyoyev Donald Trampni AQSh mustaqilligining 250 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi.
Iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda
Tomonlar uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturining amalga oshirilishini ijobiy baholadi. Shuningdek, Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ilk yig‘ilishi o‘tkazilgani, O‘zbekiston hududlari bilan AQSh shtatlari o‘rtasidagi aloqalar faollashayotgani qayd etildi.
Fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, tog‘-kon, energetika, metallurgiya, infratuzilma, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
AQSh fuqarolari uchun O‘zbekistonda vizasiz tartib joriy etilgani ham ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tinchlik va xavfsizlik masalalari
Muloqotda xalqaro va mintaqaviy masalalar ham muhokama qilindi. Global xavfsizlikni ta’minlash hamda xalqaro va mintaqaviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Prezidentlar bo‘lajak ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdi.
Tramp O‘zbekistonga taklif qilindi
Suhbat yakunida Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.