
Toshkent shahrida kottej savdosi bilan bog‘liq $36 minglik tovlamachilik holatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 1979-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs va uning 1988-yilda tug‘ilgan ukasi mahalliy fuqaroning $36 ming pulini bermaslik uchun unga tazyiq o‘tkazish bilan tahdid qilgan.
Kottej 66 ming dollarga baholangan
Aniqlanishicha, aka-uka Toshkent tumanida qurilgan kottejni $66 mingga sotib olish bo‘yicha uy egasi bilan kelishgan. Ular dastlab $30 ming to‘lab, qolgan $36 mingni olti oy ichida berishga va’da qilgan.
2022-yil may oyida kottej gumonlanuvchilarning 1976-yilda tug‘ilgan akasi nomiga notarial tartibda rasmiylashtirilgan. Biroq keyinchalik aka-uka qolgan pulni bermasligini aytib, uy egasi qarzni talab qilsa, unga nisbatan tazyiq o‘tkazish bilan qo‘rqitgan.
Aka-ukaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
DXXning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi va poytaxt IIBB xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi uchinchi qismi «a» bandi — tovlamachilik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq «Kursiv» oltita MChJ 42,5 mlrd so‘m soliqdan qochganlikda gumon qilingani haqida yozgan edi.