
Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan Kichik halqa avtomobil yo‘lining bir qismida kapital ta’mirlash ishlari sabab transport harakati vaqtincha cheklandi. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Qaysi hudud yopiladi
Gap Kichik halqa avtomobil yo‘lining Bunyodkor shoh ko‘chasi bilan kesishmasidan Arnasoy ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismi haqida bormoqda. Ushbu hududda yo‘lning ikkinchi tomoniga yangi asfalt qoplamasi yotqizish va qurilish-montaj ishlari amalga oshiriladi.
Cheklov qachongacha amal qiladi
Ta’mirlash ishlari munosabati bilan 6-avgust soat 23:00 dan 10-avgust soat 08:00 gacha yo‘lning ta’mirlanayotgan qismi transport vositalari harakati uchun yopiladi.
Bu davrda avtomobillar qarama-qarshi qatnov qismiga o‘tkazilib, harakat vaqtinchalik tashkil etilgan sxema asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Tez yordam mashinalari uchun alohida yo‘lak ajratiladi
Mas’ullarning ma’lum qilishicha, tez tibbiy yordam avtomobillari uzluksiz harakatlanishi uchun maxsus vaqtinchalik yo‘nalish tashkil etiladi. Haydovchilarga yo‘l belgilariga amal qilish, belgilangan tezlikni saqlash hamda qatnov yo‘nalishini oldindan rejalashtirish tavsiya etildi.
Ta’kidlanishicha, cheklovlar yo‘lni sifatli kapital ta’mirlash, yangi asfalt qoplamasini yotqizish va ishlarni xavfsiz yakunlash maqsadida joriy etilmoqda.
Avtobus yo‘nalishlari o‘zgaradi

Mazkur hudud orqali harakatlanadigan ayrim avtobus yo‘nalishlarining qatnov sxemasiga vaqtincha o‘zgartirish kiritiladi. Shahar markazi tomon harakatlanuvchi 18- va 80-sonli avtobuslar Kichik halqa yo‘li, Arnasoy va Cho‘pon ota ko‘chalari orqali qatnaydi.
77- va 103-sonli avtobus yo‘nalishlari esa shahar markazi tomon Kichik halqa yo‘li, Bunyodkor shoh ko‘chasi va Cho‘pon ota ko‘chasi orqali harakatlanadi.
Shuningdek, avtobuslarning qatnov va oraliq vaqti belgilangan jadvaldagidan biroz uzayishi mumkin.
Avvalroq ham Yakkasaroy tumanining Kichik halqa yo‘lida avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklangani haqida xabar berilgandi.