Yangiliklar

«Husanov shahri»ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys: Manchesterga parvozlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Manchester aeroporti yirik transport markazi hisoblanadi
Toshkentdan Manchesterga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin
Foto: Skorzewiak/Alamy/PA

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya «Toshkent – Manchester» yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu masala O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanovning Manchester Airports Group vakili Ris Uolli bilan uchrashuvida muhokama qilindi, deya xabar berdi «Dunyo».

Transport aloqalarini rivojlantirish muhokama qilindi

Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi transport aloqalarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar, xususan, Toshkent va Manchester o‘rtasida bevosita aviaqatnovlarni ochish istiqbollariga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston aviakompaniyalariga ko‘mak berilishi mumkin

Foto: «Dunyo» AA

Manchester Airports Group vakili Ris Uolli o‘zbekistonlik aviakompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga va loyihani amalga oshirishda zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarda yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldi.

MAG uchta aeroportni boshqaradi

Manchester Airports Group Buyuk Britaniyaning eng yirik aeroport operatori hisoblanadi. Kompaniya Manchester, London Stensted va Ist-Midlends aeroportlarini boshqaradi.

O‘tgan yili ushbu aeroportlar orqali 54 mln yo‘lovchi parvoz qilgan. MAG Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga 8 mlrd funt sterlingdan ortiq hissa qo‘shgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nordwind Airlines Qozon – Toshkent yo‘nalishida muntazam reyslarni boshlagani haqida xabar berilgandi. Ilk reys 18-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:20 da amalga oshirildi. Reys bortida 220 nafar yo‘lovchi Toshkentga yetib keldi. Shu kuni soat 08:15 da esa 207 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan havo kemasi Qozonga ortga jo‘nab ketdi.