Yangiliklar

O‘zbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari 64 miliard dollardan oshdi

Oltin zaxiralari qiymati oshishi va valyuta aktivlari ko‘payishi hisobiga jami zaxiralar 2026-yil 1-avgust holatiga ko‘ra o‘sishni qayd etdi.
Rasm SI yordamida yasalgan

O‘zbekiston Respublikasining rasmiy xalqaro zaxiralari 2026-yilning 1-avgust holatiga ko‘ra $64,3 mlrdga yetdi. Bu haqda Markaziy bank o‘zining hisobotida ma’lum qildi.

Valyuta aktivlaridagi o‘zgarishlar

Hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar iyul oyi davomida o‘sib, 1-avgust holatiga ko‘ra $7,6 mlrd ni tashkil etdi. 1-iyulda bu ko‘rsatkich $7,4 mlrd bo‘lgan. Ushbu o‘sish naqd valyuta va depozitlar hajmining $4,5 mlrd dan $5,8 mlrd ga oshishi bilan bog‘liq.

Boshqa markaziy banklar, XVJ va boshqalardagi depozitlar hamda bosh ofisi xorijda joylashgan banklardagi depozitlar ham mos ravishda o‘sishni ko‘rsatgan. Qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishidagi aktivlar esa aksincha, qariyb $2,8 mlrd dan $1,7 mlrd gacha pasaygan.

Oltin zaxiralarining holati

Rasmiy zaxiralar tarkibidagi oltin qiymati ham iyul oyida o‘sishni qayd etgan. 2026-yil 1-iyulda $55,7 mlrd bo‘lgan oltin zaxiralari qiymati 1-avgustga kelib $56,1 mlrdga yetgan. Biroq, oltinning sof hajmi bir oy ichida 13,9 dan 13,8 ga kamaygan.

Xorijiy valyutadagi boshqa aktivlar

Rasmiy zaxiralardan tashqari xorijiy valyutadagi boshqa aktivlar ham 1-iyuldagi $102,6 mln dan 1-avgustda $196,3 mln gacha oshgan. Bunga asosan rasmiy zaxiralarga kiritilmagan depozitlar hamda oltin miqdorining ko‘payishi ta’sir ko‘rsatgan. XVJdagi zaxira pozitsiyasi barqaror ravishda $0,01 mln darajasida saqlanib qolgan bo‘lsa, SDR (maxsus qarz olish huquqlari) $556,7 mlndan $572,4 mlngacha oshgan.

«O‘zbekiston Respublikasining yalpi xalqaro zaxiralari hajmi 2026-yil iyul oyida $0,59 mlrd ga oshdi. Xususan, oy davomida oltin narxining $4016,70 dan $4052,20 gacha o‘sishining ta’siri +$0,49 mlrd ni tashkil etdi», — deyiladi MB hisobotida.

Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 307 mln dollarga kamaygani haqida xabar bergan edi.