Yangiliklar

O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya 1,69 mln so‘mni tashkil etdi

2026-yilning birinchi yarmida mamlakatda pensiya oluvchilar soni 4,36 mln nafardan oshdi
Foto: Pexels.com

Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1-iyul holatida O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya miqdori 1 688 061 so‘mni tashkil etgan. Eng yuqori o‘rtacha ko‘rsatkich yoshga doir pensiyalarda qayd etilib, 1,7 mln so‘mga yaqinlashgan.

Pensionerlar soni 4,36 mln nafarga yetdi

2026-yilning yanvar-iyun oylarida pensiya oluvchilar soni 4 361 432 nafarga yetgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 158,9 ming nafarga yoki 3,8% ga ko‘p.

Ularning asosiy qismini yoshga doir pensiya oluvchilar tashkil qiladi — 3,62 mln nafar. Nogironlik pensiyasini 482,2 ming kishi, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini esa 261,3 mingta oila olmoqda.

Yilning dastlabki olti oyida 154,2 mingta yangi pensiya tayinlangan.

Qaysi hududda pensionerlar ko‘p

Pensionerlar soni bo‘yicha Farg‘ona viloyati yetakchilik qilmoqda. Bu hududda 515 377 nafar pensiya oluvchi bor.

Eng kam ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilgan — 111 319 nafar.

Mamlakatdagi barcha pensionerlarning qariyb 41 foizi Farg‘ona, Samarqand, Andijon va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Pensiya jamg‘armasiga davlat transfertlari oshgan

Pensiya jamg‘armasining 2026-yil uchun prognozida 1,6 trln so‘mlik profitsit ko‘zda tutilgan. Biroq bu natija davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga ta’minlanmoqda.

Jamg‘armaning o‘z daromadlari tizim xarajatlarini to‘liq qoplashga yetmayapti. Transfertsiz hisoblaganda, sug‘urta faoliyati bo‘yicha kamomad 21,4 trln so‘mni tashkil etadi.

Davlat budjetidan Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan transfertlar 18,5 trln so‘mdan 23 trln so‘mgacha oshgan.

Pensiya tayinlashda avtomatlashtirish kuchaymoqda

Hisobotda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish jarayonida ham ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan. Pensiya tayinlash bo‘yicha murojaatlar bir yil ichida 39,2% ga kamaygan.

Pensiyalarni fuqarolarning alohida murojaatisiz, proaktiv tarzda tayinlash ulushi esa 54 foizdan 87 foizgacha oshgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln so‘mdan oshgani haqida yozgandi.